Ру Ўз O`z En

G‘allachilik yo‘nalishida Respublika bo‘ylab o‘quv seminari o‘tkazilmoqda

11 May 2022 1808

Mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan agrar sohani rivojlantirish, bunda qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlarni sifat jihatidan jahon talablariga javob beradigan, hosildorligi yuqori bo‘lgan ekin turlarini yaratish va joriy etish bosh maqsad qilib qo‘yilgan.

Xususan, g‘allachilik sohasida, g‘alla mustaqilligiga erishish jarayonidan buyon, g‘allaning serhosil, ertapishar, istiqbolli navlarini yaratish hamda uni tatbiq qilishda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Ayni kunlarda agrosohadagi muhim yo‘nalish g‘allachilik bo‘yicha Respublikamiz hududlarida mutaxassislar ishtirokida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.

Andijon viloyatida tashkil etilgan xuddi shunday tadbirda “Urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya o‘tkazish va 2023 yil uchun sifatli don tayyorlash” bo‘yicha o‘quv amaliy seminarida aynan g‘allachilikda urug‘chilikni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan mavzu atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mazkur seminarda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari Qishloq xo‘jaligi boshqarma boshliqlari, “O‘zagroinspeksiyaning qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lik yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi xodimlari hamda sohaga aloqador boshqa tashkilot masʼullari va urug‘lik yo‘nalishida faoliyat olib boradigan mutaxassislar ishtirok etdilar.

Kun tartibi yuzasidan seminar qatnashchilariga urug‘lik g‘alla maydonlarida, urug‘lik g‘alla navlarining genetik jihatidan tozaligi, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligi, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligi hamda ekishga mo‘ljallangan urug‘likning umumiy holatini aniqlash bo‘yicha aprobatsiya ko‘rigini belgilangan tartibda o‘tkazish to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

Qolaversa tadbir ishtirokchilari boshoqli don ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligini kelgusi yillardagi asosiy yo‘nalishlari hamda bugungi kundagi dolzarb vazifalar, yangi yaratilgan va istiqbolli g‘alla navlarining Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinov o‘tkazish hamda Andijon tumanidagi “Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti “Istiqlol” tajriba uchastkasida boshoqli don ekinlari avlodli urug‘lik navlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishtirildi.

Bu kabi o‘quv seminarlari qishloq xo‘jaligida g‘allachilik tarmog‘ini rivojlantirish, sifatli sara urug‘lik don yetishtirish, natijada g‘allada yuqori hosildorlikka erishishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

U.Abdullayev, "O‘zagroinspeksiya" Andijon viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh inspektori   

Text to speech