Joriy yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-262-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 maydagi “2022 yil hosilidan bug‘doyni xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 284-sonli qarorlari qabul qilindi.
Yuqoridagi Prezident qaroriga ko‘ra, Inspeksiyaga qabul qilinayotgan bug‘doyning sifati, sinfi va saqlanishini nazorat qilish vazifasi yuklatildi.
G‘allani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bug‘doy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining o‘sishi va taqchilligining oldini olish bo‘yicha Bosh prokuror rahbarligida 10 dan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat Respublika shtabi tashkil etildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 maydagi 284-sonli qaroriga ko‘ra Inspeksiyaga:
qabul qilinayotgan donning sifati, sinfi bo‘yicha qatʼiy nazorat o‘rnatish, don topshiruvchi va qabul qiluvchi o‘rtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni joyida hal etish;
saqlash jarayonida donni qurishi hisobiga yuzaga keladigan tabiiy kamayishning belgilangan standartlarga mosligi yuzasidan Inspeksiya xulosasini taqdim etish;
“O‘zagroinspeksiya” Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi va “O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda 2023 yil 10 iyunga qadar “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarning elevatorlarida davlat zaxirasi maqsadlari uchun saqlanayotgan bug‘doy hajmlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini taʼminlash vazifalari yuklatildi.
Qarorlarda belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning 2022 yil 31 maydagi I-37-sonli buyrug‘i hamda Nazorat rejasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, 2022 yil g‘alla hosilini qabul qilish, sifatli saqlanishini taʼminlash va birja savdolariga qo‘yilishigacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilish uchun Inspeksiyaning 2022 yil 12 maydagi I-30 sonli buyrug‘i bilan:
Respublika Ishchi guruhi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy boshqarmalari boshliqlari rahbarligida hududiy Ishchi guruhlari;
tumanlarda tuman bo‘limi boshlig‘i rahbarligida tuman Ishchi guruhlari shakllantirildi.
“O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi 2022 yil g‘alla hosilini qabul qiladigan jami 174 ta, shundan 43 ta don korxonalari, 8 ta filiallar va 123 ta shaxobchalarga Inspeksiyaning jami 214 nafar, shundan 13 nafar hududiy va 170 nafar tumanlar inspektorlari hamda markazning 31 nafar xodimlari biriktirildi.
Ushbu hududiy va tuman g‘alla shtablariga 2022 yil g‘alla hosilini qabul qilishda donning sifati, sinfi va vujudga keladigan nizoli masalalarni joyida hal etish hamda kunlik, haftalik maʼlumotlarni Respublika Ishchi guruhiga o‘z vaqtida taqdim etish vazifasi topshirildi.
S. Zuparov, "O‘zagroinspeksiya"ning Don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i