Ру Ўз O`z En

G‘o‘za defoliatsiyasi o‘z nihoyasiga yetdi, tadbirda 4 mingdan ortiq OVX purkagichlari qatnashdi

16 Sentyabr 2021 1385

Joriy yilda respublikada parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarida urug‘lik uchun yetishtirilgan dalalardan tashqari barcha maydonlarda defoliatsiya ishlari o‘z muddatida va sifatli yakunlandi.

G‘o‘zada asosiy agrotexnik tadbirlardan biri bo‘lgan defoliatsiya mavsumida respublika bo‘yicha qatnashishi belgilangan jami 4101 dona OVX purkagichlarning dalada soz holda va to‘xtovsiz ishlashini taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi hamda hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari texnika nazorati inspektorlari tomonidan bu jarayonda bir qator amaliy ishlar bajarilib, doimiy nazorat tadbirlari olib borildi.

Xususan, defoliatsiya ishlarida qatnashadigan 4101 dona OVX purkagichlarni va traktorlarni mavsumga tayyorlash maqsadida joylardagi 134 ta texnika taʼmirlash maskanlariga yig‘ilib, to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. O‘tkazilgan texnik ko‘rik natijalariga ko‘ra ularga talab etiladigan ehtiyot qismlar hisob-kitob qilinib, ularning zahirasi yetarlicha yaratildi va nosozligi aniqlangan traktor va OVX purkagichlar mukammal taʼmirdan chiqarilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

Shuningdek, joylardagi hududiy komissiyalar tomonidan taʼmirdan chiqarilgan traktorlar va OVX purkagichlar yakuniy texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, maxsus sertifikat asosida qabul qilindi hamda ular belgilangan grafik asosida otryad usulida dalaga safarbar etildi.

Shu qatorida, defoliatsiya mavsumida OVX purkagichlarning dalada beto‘xtov ishlashi, ularning ish unumdorligi bo‘yicha hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilib, Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan muntazam monitoring yuritildi.  

 Agroinspeksiyaning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech