Ру Ўз O`z En

G‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlar muhim pallaga kirdi

8 Iyun 2023 1054

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab paxta to‘qimachilik klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za parvarishida muhim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar qizg‘in olib borilmoqda.

Bugungi kunda g‘o‘za agrotexnikasida barcha tadbirlar, jumladan qator oralariga ishlov berish, chuqur yumshatish, begona o‘tlardan tozalash, azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, suspenziya sepish, g‘o‘za zararkunandalari va hasharotlarga qarshi kurash ishlari tizim asosida tashkil etilmoqda.

Albatta, ushbu agrotexnik tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganligi natijasida o‘tgan bir hafta davomida “shonalagan” maydonlar 160-170 ming gektarga, “gullagan” maydonlar esa 100-120 ming gektarga ko‘paydi. Ahamiyatlisi, bugungi kunda 14 foiz g‘o‘za maydonlari “gulga” kirganligi quvonchli holatdir.

"O‘zagroinspeksiya"ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi muntazam monitoring qilib borilmoqda.

O‘tkazilgan tadbirlarga ko‘ra, respublikada parvarish qilinayotgan 1 mln 34 ming 223 gektar g‘o‘za maydonlarning bugungi kunda 192 ming gektari (19%) 5-6 barg va 678 ming gektari (67% ) shonalash hamda 141 ming gektari (14%) gullash fazasida rivojlanmoqda.

Shuningdek, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish ishlari mavsum boshidan buyon jami 4,1 marta, chopiq qilish ishlari 3,4 marta, chuqur yumshatish ishlari 2,2 marta, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 3,1 marta, g‘o‘zani mineral o‘g‘it bilan 2-oziqlantirish ishlari 434 ming gektar yoki 43 foiz maydonda amalga oshirilganligi aniqlandi.

2023 yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, 12 ming 698 ta fermer xo‘jaliklarining 88 ming 766 gektar g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni bajarilishida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, Inspeksiya tomonidan soha masʼullariga 83 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa, fermer xo‘jaliklari va klasterlarga 8218 ogohlantirishlar berildi.

O‘zagroinspeksiyaning hududiy boshqarma va tumanlar bo‘limlari bilan birgalikda, g‘o‘za parvarishida o‘tkazilayotgan barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan kunlik nazorat yuritib borilib, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rib borilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi

Text to speech