Ру Ўз O`z En

G‘o‘za maydonlarida chilpish (chekanka) ishlarini muddatida va sifatli o‘tkazilishi “O‘zagronspeksiya” nazoratida.

7 Avgust 2021 3019

Paxtachilikda avgust oylarida bajariladigan agrotexnik tadbirlar hosil cho‘g‘ining yuqori, ertagi va sifatining yaxshi bo‘lishini taʼminlaydi.

Ushbu oydagi eng dolzarb ishlardan biri g‘o‘zani obi-tobida chilpishdir.

G‘o‘za maydonlarida chilpish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish orqali, g‘o‘zaning o‘sish-rivojlanishi jadallashishiga, hosil elementlarining to‘kilmasligiga, gul va ko‘saklar soni oshishiga, ko‘saklarning pishishini 10-15 kunga tezlashishiga hamda hosildorlik 6-8, hattoki 10-12 sentnergacha ortishiga erishiladi.

Respublikamizda chilpish asosan qo‘lda, texnikada hamda kimyoviy usulda preparatlar bilan ham chilpish ishlari o‘tkazilmoqda.

Fo‘zani o‘z muddatida va sifatli chilpish yetishtirilgan hosilni to‘liq saqlab qolinishiga va uning ko‘payishiga, sifatining yaxshilanishiga, ertagi paxta salmog‘ining ortishiga olib kelsa, aksincha uning kechiktirilishi, sifatsiz va eʼtiborsizlik bilan chala o‘tkazilishi yoki o‘tkazmaslik oqibatida paxta hosili 20–25 % kamayib, pishib yetilishi 10–15 kunga kechikib, ko‘saklari kichrayib, vazni ham kamayadi, g‘o‘za serbarg bo‘lib, barglar ko‘payib hasharotlarni o‘ziga ko‘proq jalb etadi.

Soha olim va mutaxassislari tomonidan, g‘o‘zaning o‘sib-rivojlanishi hamda navlariga qarab unumdor tuproqlarda 13–14, o‘rtacha unumli tuproqlarda 12–13 va unumdorligi past yerlarda 11–12 hosil shoxi to‘planganda g‘o‘za maydonlarida chilpish ishlarini o‘tkazilishi bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Joriy yilda Respublikada parvarish qilinayotgan 1 mln 32 ming 558 gektar g‘o‘za maydonlarida, bugungi kunda 1,3 marta chilpish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, bugungi kunda “O‘zagroinspeksiya” tomonidan joylarda g‘o‘zani chilpish ishlarini o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilishi to‘liq nazoratga olib borilmoqda.

 O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida hududlardagi 1222 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan 18060 gektar g‘o‘za maydonlarida chilpish ishlari o‘z muddatidan kechiktirib va sifatsiz o‘tkazilganligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha hamda ularni bartaraf qilish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlariga 824 ta yozma ko‘rsatmalar berildi. 

Bundan tashqari, bunday holatlar sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 326 ta ogohlantirishlar yuborildi.

Hududlarda g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan har bir agrotexnik tadbirlar “O‘zagroinspeksiya” tomonidan doimiy nazorat olib boriladi.

Text to speech