Ру Ўз O`z En

G‘o‘za maydonlarini sug‘orish davrida suv resurslaridan nooqilona foydalanish –javobgarlikka asosdir

11 Avgust 2021 2071

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 24- fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 - yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-5005-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 199-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida «O‘zagroinspeksiyaning» Toshkent viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilanib, suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarni ko‘llatib sug‘orish, suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holatini favqulodda holat sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlariga nisbatan qatʼiy taʼsir choralari qo‘llanilib kelinmoqda.

Xususan, 2021 yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarini sug‘orish davridan buyon belgilangan tartibda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari mobaynida joylarda jami 910 ta, shundan 198 ta holatda sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, 37 ta holatda suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish, 59 ta holatda g‘o‘za maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlangan.

Misol uchun, Oqqo‘rg‘on tumanidagi ABS “Oqqo‘rg‘on agro klaster” MCHJ 6-brigadasida, “G‘ofurjon Dilnoza”, “Qorasiyroq agro fayz”, “Qobil Ag‘zam fayz”, “Suyunboy Xamidulla”, Bekobod tumanidagi APK “Bekobod” UK 4-brigadasida, Quyichirchiq tumanidagi “TST agro SLUSTERMCHJ 1-2-3 va 5-brigadalarida, Chinoz tumanidagi “Yo‘ldosh ota” “Isamedov Yoqub”, “Ashirov Islom Bog‘bon”, “Axmedov Abduqayum”, ”Doniyor Al Said”, “Fayzullayev Izzatulla”, “Chinoz betakror elburus bog‘i”, “Chinoz Yulduz Begimxon”, Bo‘ka tumanidagi “Boxodir Ibroxim agro fayz”, “Ilg‘or baraka agro”, “Lochin chorvador agro”, Piskent tumanidagi “Asl tabiat bog‘lari” MCHJ, “Kamolot” fermer xo‘jaliklari tomonidan ruxsat etilmagan joylardan shartnomasiz suv olish, suvni kollektor-drenajlarga oqizish, ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, suvni o‘z holiga tashlab qo‘yish qarovsiz qoldirgan holatlari aniqlangan.

O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan viloyat boshqarmasi hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan tartibbuzarlarga nisbatan 151 ta holat bo‘yicha maʼmuriy, 141 ta holatda moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi, 32 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

Shuningdek, 127 ta holatda joylardagi tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 460 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Bugungi kunda, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha viloyat boshqarmasi hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan tizimli nazorat olib borilmoqda.

  

«O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi

bosh inspektori B.Raxmatov

Text to speech