Hududlarda faoliyat olib borayotgan 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda 29 ming 49 nafar fermer xo‘jaliklari tomonidan joriy yilda 1 mln 34 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinmoqda.
Shuningdek, chigit unib chiqqan maydonlarda birinchi kultivatsiya ishlari to‘liq yakunlanib, kultivatsiya bilan peshma-pesh 819 ming gektar maydonda chuqur yumshatish ishlari o‘tkazildi.
So‘ngi kunlarda hududlarda bo‘lib o‘tayotgan yog‘ingarchiliklar, chigit ekilgan maydonlarda zararkunandalarni yaʼni shira va trips kabi suruvchi hasharotlar ko‘payishiga zamin yaratmoqda.
Ushbu zararkunandalar asosan g‘o‘za gullay boshlagunga qadar g‘o‘za shirasini so‘rib, o‘suv nuqtalari va barglarini qattiq shikastlaydi, agar o‘z vaqtida oldi olinmasa, g‘o‘za hosildorligiga 10-15 foiz zarar keltirishi mumkin.
Inspeksiyaning hududiy boshqarma va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan hududlaridagi mavjud 640 dona biolaboratoriyalar faoliyati bo‘yicha muntazam nazorat o‘rnatilib, ular tomonidan foydali hashoratlar ishlab chiqarilishi va dalaga tarqatilishi monitoring qilib borilmoqda.
Xususan, hududlarda shira va tripsga qarshi kurash uchun foydali hasharotlarni yaʼni oltinko‘z entomofagining dalaga tarqatilishi ishlari tahlil qilinganda, Respublika bo‘yicha chigit ekilgan maydonlarning 816 ming gektari yoki 79 foiziga oltinko‘z entomofagi tarqatilganligi maʼlum bo‘ldi.
Ushbu ko‘rsatkich, Andijon viloyatida 52 foiz, Qashqadaryo viloyatida 68 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 74 foiz, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 77-78 foizni tashkil qilgan.
Misol uchun, Qarshi tumanida 32 foiz, Baliqchi tumanida 45 foiz, Nishon va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 46 foiz, Xo‘jaobod tumanida 48 foiz g‘o‘za maydonlar oltinko‘z entomofagi tarqatilgan xolos.
Shuning uchun, chigit ekilgan maydonlarda shira, trips tarqalishini oldini olish maqsadida, joylarda o‘simliklarni himoya qilish otryadlari va dala nazoratchilarining ishini tizimli ravishda tashkil etish va har bir dalani doimiy kuzatuvga olish, foydali hasharotlarni dalalarga tarqatish tadbirlarini jadallashtirish talab etiladi.
Inspeksiya tomonidan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, ushbu tadbirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va kelgusida oldini olish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 8152 ta ogohlantirish berildi.
Hududlarda g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan har bir agrotexnik tadbir Inspeksiya tomonidan doimiy nazorat olib boriladi.
"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi