Maʼlumki, iyul oyi g‘o‘za parvarishida zararkunandalarga qarshi kurashish, g‘o‘za maydonlarini begona o‘tlardan tozalash kabi muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Navoiy viloyatining 31 655 gektar maydoniga chigit ekilgan bo‘lib, ayni kunlarda g‘o‘zalar 1-2 tadan 10-tagacha ko‘sak tukkan.
Ertangi hosilning barakali bo‘lishi esa agrotexnik tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazishni taqozo etadi. 15-iyuldan 15-avgustacha davom etadigan “Dolzarb 30 kunlik” davrida "O‘zagroinspeksiya" viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan g‘o‘za maydonlariga kimyoviy ishlov berish, zararkunandalarga qarshi kurashish va boshqalar yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Viloyatimizda bugungi kunda 12 ta biolaboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda zararkunandalarga qarshi biologik usul bilan kurash uchun 163,0 kilogramm trixogramma, 72,0 million dona Brakon va 160,0 million dona oltinko‘z ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, fermer xo‘jaliklari paxta va g‘alla maydonlariga yetkazib berilmoqda.
O‘rgimchakkani -g‘o‘zaning ashaddiy zararkunandasi hisoblanib, paxta dalalarida keng tarqalgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, o‘rgimchakkana asosan barglarning orqa tomoniga joylashib olib, barg shirasini so‘rib zararlaydi.
Zararlangan barglarning ustki tomonida och tusli, qattik, zararlangan joylarda qo‘ng‘ir va qizg‘ish tusli dog‘lar paydo bo‘ladi.
O‘rgimchakkananing zarar keltirishi uning g‘o‘zaga tushish muddatiga bog‘liq. Qancha erta tushsa, shuncha ko‘p o‘simlik zararlanadi. Himoya choralari o‘z vaqtida o‘tkazilmasa, hosilning 15 dan 20-30 sentnergacha yo‘qotilishi kuzatiladi.
Viloyat bo‘yicha mazkur zararkunandaga qarshi 1 682 gektar maydonda kimyoviy ishlov berish tadbiri o‘tkazilgan. Shuningdek, qandala zararkunandasi qarshi 705 gektar maydonda kimyoviy ishlov berilgan.
Biolaboratoriyamizga trixogramma, oltinko‘z, Brakon biomahsulotlari ishlab chiqariladi, - deydi Karmana tumanidagi “Zarafshon paxtaservis” MCHJga qarashli biolaboratoriya mudiri Dilafro‘z Sharipova. - Hududdagi 52 ta fermer xo‘jalik bilan shartnoma qilganmiz. Bugungi kunda g‘o‘za maydonlari uchun ko‘sak qurti zararkunandasiga qarshi Brakon biomahsulotini yetkazib beryapmiz. Sentyabr oyiga qadar yana ming gektar g‘o‘za maydoniga yetadigan ko‘sak qurti va o‘rgimchakkana biomahsulotlarimiz zaxirasi yaratilgan.
Viloyatda “dolzarb 30 kunlik” oyi davomida birinchi navbatda g‘o‘zani g‘ovlatishga yo‘l qo‘ymasdan, chilpish ishlarini sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmasdan, faqat sharbat bilan sug‘orishni tashkil etish, kultivatorlarni daladan chiqarmasdan, ishlovlarni davom ettirish hamda o‘rgimchakkana, ko‘sak qurtiga qarshi kunlik dala kuzatuvlarini kuchaytirib, uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan muntazam nazorat tadbirlari olib boriladi.
Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati