Samarqandda ko‘pni ko‘rgan, tajribali dehqonlar ko‘plab topiladi. G‘o‘za parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishida ularning tajribasi qo‘l kelmoqda. Ayni kunlardagi quyosh harorati esa g‘o‘za nihollari rivojlanishi, mo‘l hosil yetishtirishda juda qo‘l keladi.
Buni yaxshi anglagan dehqonlar mavjud 75 ming 356 gektar yer maydonidagi g‘o‘za agrotexnikasini o‘z vaqtida, optimal variantlarda va sifatli o‘tkazishmoqda. Amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan kunlik tahlil etib borilmoqda.
2022 yil 28 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida paxta hosildorligini oshirish va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida agrar sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab berildi.
Ayni kunlarda g‘o‘za parvarishi yuzasidan belgilangan “Dolzarb o‘ttiz kunlik” tadbiri bo‘yicha 2022 yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarida zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyatdagi mavjud 32 ta biolaboratoriyalar tomonidan “Oltinko‘z”, “Trixogramma”, ”Brakon” singari biomahsulotlar 12 ta paxta to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari g‘o‘za maydonlariga tarqatilmoqda.
G‘o‘za nihollarida uchraydigan o‘rgimchakkana, ko‘sak qurti singari zararkunanda hasharotlar hosildorlikka jiddiy zarar yetkazishini yaxshi anglagan dehqonlar asosan, kunning ertalab va kechki vaqtlarida “oltinko‘z”, “Trixogramma”, ”Brakon” singari biomahsulotlarni dalalarga tarqatishmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning shu davriga qadar o‘rgimchakkanaga qarshi bir kunda 3 ming 548 gektar, ko‘sak qurtiga qarshi trixogramma bilan bir kunda 2 ming 770 gektar hamda Brakon biomahsuloti bilan 2 ming 733 gektar yer maydoniga biologik usulda ishlov berilgan.
Xususan, Pastdarg‘om tumanida 16 ming 949 gektar g‘o‘za maydonidagi zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish uchun 10 ta biolaboratoriyalar faoliyat yuritmoqda. G‘o‘za maydonlarining biomahsulotlar bilan ishlov berilishi inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan tahlil etilmoqda.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan g‘o‘za parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlar yuzasidan joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 714 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 450 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
-Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlariga 382 ta ogohlantirish, 32 ta yozma ko‘rsatma berilgan bo‘lsa, 36 ta holatda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori A. Arziqulov.
G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad, paxtadan mo‘l hosil yetishtirib, respublikamizning iqtisodiy salohiyati yana-da yuksalishi, eksport miqdorining oshishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
A. Xudoyorov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori