Olam va odam tirikligining asosiy manbalaridan biri suv. Shu boisdan ham suvdan doimo tejab-tergab foydalanish zarurligi alohida taʼkidlab kelinadi. Qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orishni joriy etish suvni tejash va undan unumli foydalanishda eng samarali usullardan biridir.
So‘ngi to‘rt yildan buyon Buxoro viloyatida ham sug‘orishning ushbu tejamkor uslubidan foydalanishga etibor qaratilmoqda. 2021 yilda jami 17440 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish rejalashtirilib, amalda 15043 gektar paxta va 2444 gektar bog‘-tokzorlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanildi. 2022 yilda esa yana qo‘shimcha 22500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada davlatimiz tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarni maqsadli sarflanishi yuzasidan “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Bundan tashqari hududlardagi 94 ta K-200 elektr va 43 ta D-200 dizel yoqilg‘isida ishlovchi suv nasoslari bo‘yicha ham nazorat tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur qurilmalar bugungi kunda suv tanqisligini oldini olish maqsadida suv yetib borishi og‘ir hududlarga viloyatdagi paxta to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan olib berilgan edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
30 iyuldagi “Suv taʼminoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlariga suv chiqarish ishlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 459-sonli qaroriga muvofiq suv taʼminoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari yer maydonlarini sug‘orish uchun burg‘ilanadigan vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish ishlari “O‘zagroinspeksiya” xodimlari tomonidan tunu-kun nazoratda.
Unutmaslik lozimki, har tomchi suvning o‘z hisob-kitobi bor. Afsuski, suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish, dalalarni ko‘llatib sug‘orish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi holatlar hamon uchrab turibdi.
Misol uchun, Birgina 2022 yil yanvar-mart oylarida inspeksiyaning viloyat va tuman bo‘limlari tomonidan suv sohasida 583 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 101 ta 35 mln 640 ming so‘mlik maʼmuriy va 44 ta 22 mln 667 ming so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, qonunbuzilishi holatlarini oldini olish bo‘yicha 27 ta taqdimnoma, 453 ta yozma ko‘rsatma va 665 ta ogohlantirish xatlari berilgan.
Endilikda suvdan foydalanishni nazoratiga alohida eʼtibor qaratiladi. Qolaversa, tabiat boyliklarini asrash, undan tejab-tergab foydalanish qoidalariga qatʼiy amal qilish har birimizning burchimiz ekanligini unutmaylik.
Siroj Jo‘rayev, "O‘zagroinspeksiya" Buxoro viloyati boshqarmasi bosh inspektori.