O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 147-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror mazmun -mohiyatiga ko‘ra, “O‘zdavzaxira” qo‘mitasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bug‘doyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan 2022 yil aprel — iyul oylarida 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyni (bir qismi un) yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari imzolanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan yana 500 ming tonna bug‘doyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritadi.
Import qilingan bug‘doy (un) va o‘simlik yog‘i hajmlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining takliflari asosida birja savdolari orqali sotilishi belgilab qo‘yildi.
Bug‘doy va o‘simlik yog‘i importi bo‘yicha tegishli ruxsatnomalarning qisqa muddatda rasmiylashtirilishini taʼminlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuklatilgan.
S.Zuparov, Don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i