Navoiy viloyatidagi mavjud meliorativ, yo‘l-qurilish mashinalarining texnikaviy ishlashi hamda traktor, o‘zi yurar shassi va traktor tirkamalarini yo‘llarda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari hamkorligida reyd tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbir «O‘zagroinspeksiya»ning 2021 - yil 19 iyuldagi 02/4-14-99-sonli xatiga asosan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilishi texnikalari holati va ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi ustidan nazoratni tashkil etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi hamda «O‘zagroinspeksiya» hamkorligida 2021 - yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi bilan tasdiqlangan.
Reyddan ko‘zlangan maqsad yo‘llarda harakatlanayotgan davlat ro‘yxati va majburiy texnik ko‘rikdan o‘tmagan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, talab darajasida jihozlangani, texnikaviy foydalanish hamda yo‘llarda harakatlanishda harakat va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishini taʼminlash hisoblanadi.
Jumladan, Inspeksiyaning Konimex tuman bo‘limi va IIB YHXB tuman inspektorlari bilan hududda o‘tkazilgan qo‘shma reydda fuqaro J. M. boshqaruvida bo‘lgan t-28x4M rusumli traktor to‘xtatib tekshirilganida traktorning old va orqa burilish hamda to‘xtash chiroqlari ishlamasligi, shinalari meʼyoridan ortiq yeyilgan holda boshqarib kelinayotgani maʼlum bo‘ldi. Holat bo‘yicha maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 112-moddasi sanksiyasi doirasida jarima jazosi tayinlandi.
Qiziltepa tumanida ham mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holatini nazorat qilish maqsadida Inspeksiyaning Qiziltepa tuman texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish sho‘basi katta inspektori va IIB YHXB tuman inspektorlari bilan birgalikda har haftaning payshanba kuni qo‘shma reydlar tashkil etilib kelinmoqda.
Belgilangan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash maqsadida IIB YHXB inspektorlari bilan birgalikda tumanning “Furqat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qo‘shma reyd bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ayrim fuqarolarga qishloq xo‘jalik texnikalarini ekspluatatsiya qilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari ko‘rsatildi. Jumladan, texnikaning uzel agregatlaridan moy oqishi, ko‘rsatish va burilish chiroqlari kabellarini germetizatsiya qilish, yonmaydigan chiroqlari lampochkalarini almashtirish, traktorning tozalash kabina qismiga pardalar taqish, o‘tirgichlarni sozlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirish berildi.
Reyd davomida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mexanik haydovchilar ham aniqlanib, ularga nisbatan tegishli maʼmuriy jarimalar qo‘llandi.
«O‘zagroinspeksiya» viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati