Paxta to‘qimachilik va yog‘-moy sanoatining asosiy xom-ashyo manbai hisoblanadi. Xorazm viloyatining Gurlan tumanida joriy yilda yetishtirilgan “oq oltin” ni dalalardan yig‘ib-terib olish jarayonida qariyb o‘n mingga yaqin terimchilar faol ishtirok etmoqdalar. Ayni vaqtda dalalarda ish qizg‘in. Terimchilar bor hosilni so‘nggi misqoligacha yig‘ib olishga astoydil bel bog‘lashgan. Terim suratini oshirishda, terimchilarga kuch-g‘ayrat bag‘ishlashda, ayniqsa, ularni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirlarning tashkil etilayotgani qo‘l kelayotir.
Inspeksiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i F.Raxmonov Gurlan tumani ikkinchi sektor rahbari hamkorligida hududlardagi paxta dalalarida terimchilar bilan uchrashishdi. Terimchilar uchun yaratilgan sharoitlar, terilgan paxta uchun haq to‘lash holati bilan tanishdilar, ularning taklif va shikoyatlari eshitildi.
Terimchilarga kuch-g‘ayrat tilab, paxtani nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan fermer xo‘jalik va otryad rahbarlari hamda terimchilarga tashakkur bildirildi. Jami 30 ta ilg‘or terimchilarga sovg‘alar va sovrinlar topshirildi. Ushbu tadbirdan terimchilar yanada mehnatga ruhlandilar.
“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi axborot xizmati