Ру Ўз O`z En

Import qilingan naslli chorva "O‘zagroinspeksiya" nazoratida

19 Aprel 2023 1731

Samarqand viloyatida naslli mollar bosh sonini ko‘paytirish va naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida, joriy yilning shu kuniga qadar xorijiy davlatlardan 336 bosh naslli qoramollar, 113 ming 490 bosh bir kunlik naslli jo‘jalar, 400 bosh naslli qo‘y hamda 4 bosh naslli otlar olib kelingan.

Jumladan, Oqdaryo tumanidagi “Puremilky Oqdaryo” fermer xo‘jaligi tomonidan Estoniya davlatidan 165 bosh hamda Vengriya davlatidan 99 bosh, Bulung‘ur tumanidagi “Mingtepa zamini” fermer xo‘jaligi tomonidan Latviya davlatidan 31 bosh va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Tojinor momo” fermer xo‘jaligi 41 bosh naslli qoramollar olib kelingan.

Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi tomonidan Vengriya davlatidan 68 ming 490 bosh va Tojikiston davlatidan 45 ming bosh bir kunlik naslli jo‘jalar olib kelindi.

Shuningdek, Qirg‘iziston davlatidan Narpay tumanidagi “Narpay Ibrohim Nur Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 400 bosh naslli qo‘ylar va Urgut tumanidagi “Urgut naslli chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan Polsha davlatidan 4 bosh naslli otlar olib kelingan.

Hukumatning tegishli qarori bilan chet davlatlaridan olib kelingan naslli mahsulotni (material) tegishli tartibda karantinga qo‘yish hamda karantin muddati tugaganidan so‘ng, tegishli tartibda davlat ro‘yxatiga olinishini nazorat qilish inspeksiya zimmasiga yuklatilgan.

Hozirgi vaqtda olib kelingan naslli mollar tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda karantinga qo‘yilishi taʼminlandi.

Bugungi kunda, viloyatda qoramolchilik yo‘nalishida 724 ta, qo‘ychilik yo‘nalishida 207 ta, parrandachilik yo‘nalishida 184 ta, baliqchilik yo‘nalishida 513 ta, asalarichilik yo‘nalishida 41 ta hamda quyonchilik yo‘nalishida 17 ta subyektlari mavjud bo‘lib, shundan, qoramolchilikda 149 ta, qo‘ychilikda 13 ta, parrandachilikda 15 ta, baliqchilikda 3 ta, asalarichilik va quyonchilikda 1 tadan naslchilik toifasidagi subyektlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qoramolchilik yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 28 ming boshdan ortiq naslli qoramollar, parrandachilik xo‘jaliklarida 2 mln. 600 mingdan ortiq naslli parrandalar, qorako‘lchilik yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 88 mingdan ziyod qorako‘l qo‘ylari parvarish qilinmoqda.

O‘zagronspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning yanvar-mart oylarida jami 260 ta profilaktik tadbir va monitoring o‘tkazilib, 111 ta ogohlantiruv xatlari va 149 ta yozma ko‘rsatmalar berildi hamda qonunbuzulishi holatlari, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 10 ta taqdimnoma kiritildi.

Text to speech