Ру Ўз O`z En

Inspeksiya faoliyatiga oid sohalar bo‘yicha 2021 yilning 31 may va 1-5 iyun kunlarida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati

4 Iyun 2021 2668

1. “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5132-son, 31.05.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlashning quyidagi tartibi joriy etildi:

birinchi bosqich – Prezidenti Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz”ga kiritish uchun Adliya vazirligiga yuboradi;

ikkinchi bosqich – Adliya vazirligi nazoratga olinadigan topshiriqlarni elektron tizimga kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda masʼul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi;

uchinchi bosqich – davlat organlari va tashkilotlari, hokimliklar, xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini taʼminlaydi va elektron tizimga maʼlumotlarni kiritadi;

to‘rtinchi bosqich – Adliya vazirligi maʼlumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, tasdiqlaydi yoki masʼul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi;

beshinchi bosqich – Vazirlar Mahkamasi maʼlumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki masʼul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, har oyda Rayosat majlislarida ijro natijadorligini tanqidiy ko‘rib chiqadi va Prezident Administratsiyasiga maʼlumot kiritadi;

oltinchi bosqich – Hisob palatasi ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan maʼlumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni nazoratdan yechadi yoki masʼul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi;

yettinchi bosqich – Prezident Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Qaror bilan ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Ijro muddati belgilanmagan yoki bir yil va undan ortiq etib belgilangan topshiriqlarning bajarilishi bo‘yicha maʼlumot har olti oyda “Ijro.gov.uz”ga kiritib boriladi.

Topshiriqlar ijro muddatlari faqatgina Adliya vazirligi va zarur hollarda, Hukumat tomonidan ko‘rib chiqilib, Hisob palatasi xulosasi asosida hamda Prezident ruxsati bilan uzaytiriladi.

2. Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi

“O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–691-son, 31.05.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi 8–18 aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.

Ilgari 6-8 nafar edi.

Endilikda saylov byulleteniga nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi kiritilmaydi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.  

3. 2021 yil 1 iyundan

Infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga "E-IJRO AUKSION" savdo maydonchasi orqali ajratishga ruxsat beriladi (https://lex.uz/docs/5382179).

4. Hukumat qarori (336-son, 01.06.2021 y.) bilan "Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga o‘zgartirish kiritildi.

Unga ko‘ra, davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatidan quyidagilar chiqarib tashlandi:

Soya, araxis, zaytun yog‘i (TIF TN kodlari: 1507101000, 1507901000, 1508101000, 1509101000, 1509900000);

Kungaboqar yog‘i (TIF TN kodlari: 1512111000, 1512191000, 1512199002);

Paxta yog‘i (TIF TN kodlari: 1512211000, 1512291000).

5. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi

“Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6240, 02.06.2021 y.) qabul qilindi

Farmon bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

2021 yil 1 noyabrdan:

xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan meʼyorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi;

xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qatʼiy nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda – BHMning 40 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima taʼsir chorasi belgilandi.

"O‘zagroinspeksiya" Huquqiy-taʼminlash va xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘limi

Text to speech