Ру Ўз O`z En

Inspeksiya o‘rganishlariga ko‘ra hududlarda sabzavot urug‘liklari yetishmaydi

5 Noyabr 2021 1601

O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22-sentyabrdagi “2022 yil hosili uchun 2021 yilning  sentyabr-oktyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish, talab etiladigan moddiy-resurslarini yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 69-sonli yig‘ilish bayoniga ko‘ra, “O‘zagroinspeksiya”ga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Mazkur yig‘ilish bayonining tegishli bandidagi topshiriqlardan kelib chiqib, Inspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi va uning vertikal tizimidagi inspektorlar tomonidan 2022 yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida ekilishi rejalashtirilgan ekin turlarining mavjud va yetishmaydigan urug‘lik qismini aniqlash, chetdan keltirilgan hamda mahalliy sharoitda urug‘chilik xo‘jaliklarida ishlab chiqilgan urug‘liklarning tegishli sifat ko‘rsatgichlari bo‘yicha xujjatlari mavjudligi o‘rganildi.

O‘rganishga ko‘ra, Respublika bo‘yicha jami 66 ming gektar, shundan, 21,8 ming gektar piyoz, 10,9 ming gektar sabzi, 4,0 ming gektar sabzi,  21,6 ming gektar ko‘katlar va 7,5 ming gektar karam noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunga jami 497 tonna urug‘lik sarflanishi hisob-kitob qilingan.  Bugungi kunda respublika bo‘yicha 430 tonna sabzavot urug‘lari mavjudligi hamda 58,3 tonna urug‘liklar yetishmasligi aniqlandi.

Hududlar kesimida o‘rganilganda, Qashqadaryo viloyatida urug‘liklar mavjud emasligi, Sirdaryo viloyatida 11 tonna, Jizzaxda 9,5 tonna, Surxondaryoda 6,5 tonna, Andijonda 4,9 tonna, Farg‘onada  3,4 tonna va Samarqand viloyatida 1,7 tonna sabzavot urug‘liklari yetishmasligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan, Inspeksiyaning markaziy apparati tomonidan, barcha hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlariga joylarda noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida ekiladigan maydonlar uchun yetishmaydigan urug‘liklarni o‘z vaqtida taʼminlash choralarini ko‘rish bo‘yicha mahalliy hokimliklarga ogohlantirish kiritish vazifasi berilib, bo‘lim tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.                  

Zafar Ismatov, “O‘zagroinspeksiya”ning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori

 

Text to speech