Ру Ўз O`z En

Inspeksiya organlari tomonidan Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘chiligini nazorat qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar

1 Fevral 2022 1572

Respublika aholisining oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishida Urug‘chilik tarmog‘i o‘ta muhim strategik o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot olish maqsadida urug‘chilik sohasini davlat tomonidan nazorati alohida ahamiyat kasb etishini hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi “Urug‘chilik to‘g‘risida” gi Qonuni bilan Inspeksiya organlariga urug‘chilik sohasini nazorat qilish maqsadida ko‘pgina vazifa va huquqlari belgilab berilgan.

Shu sababli respublikada isteʼmolchilarni kafolatlangan urug‘liklar bilan taʼminlash maqsadida 2021 yilda Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi, hududiy boshqarmalar hamda tuman bo‘limlarida urug‘chilikni nazorat qiluvchi jami 192 ta inspektorlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, o‘tgan 2021 yil davomida Inspeksiya organlari tomonidan O‘zbekiston respublikasining Qonuni 1 ta, O‘zbekiston respublikasi Prezidentining qarorlari 6 ta, Vazirlar Mahkamasining qarorlari 9 ta va 11 ta tasdiqlangan yig‘ilish bayonlarida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘chiligi sohasida yuklatilgan vazifalar ijrosini o‘z muddatlarida sifatli taʼminlanishi yuzasidan ishlar tashkil qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.04.2018 yildagi PQ-3683-son qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, hududlarda qaror bilan belgilangan tartibga amal qilinmasdan boshoqli don ekinlari navlarini viloyatlarda 13 tadan 32 tagacha, tumanlarda esa 7 tadan 20 tagacha hamda g‘o‘za navlari viloyatlarda 6 tadan 9 tagacha, tumanlarda esa 3 tadan 5 tagacha xo‘jaliklarda esa 2-3 tadan navlar ekilganligi aniqlangan.

Mazkur tartibning buzilish holatlari asosan Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan Toshkent, va Farg‘ona viloyatlarida yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, Respublika hududlarida urug‘lik don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda jami 1 206 ta holatda Nizom talablari buzilishi va unga rioya qilinmaganligi aniqlangan.

Xususan, 12 ta holatda tanlovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilmaganligi, 48 ta holatda fermer xo‘jaliklarining noto‘g‘ri tanlab olinishi, 515 ta holatda baholash mezonlarining buzilishi hamda 631 ta holatda talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar maʼlum bo‘lgan bo‘lsa, 48 ta holatda esa xo‘jaliklarni noto‘g‘ri tanlanganligi aniqlangan.

Shuningdek, 2021 yil hosili uchun sifatli sara urug‘lik tayyorlash maqsadida 3 ming 777 nafar xo‘jaliklarning 121,3 ming gektar urug‘lik paxta, 3 ming 172 nafar xo‘jaliklarning 93,6 ming gektar urug‘lik g‘alla, 310 nafar xo‘jaliklarning 4,9 ming gektar urug‘lik sholi va 3 ming gektar urug‘lik kartoshka maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigi Nizom talablari asosida to‘g‘ri o‘tkazilishi nazorat qilib borildi.

Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida, urug‘lik talablariga javob bermaydigan 20,3 ming gektar urug‘lik paxta, 17,7 ming gektar urug‘lik g‘alla, 857 gektar urug‘lik sholi va 86 gektar urug‘lik kartoshka maydonlari aniqlanib, ushbu maydonlarda ekilgan ekinlarning urug‘liklarini kelgusi yil hosili uchun urug‘lik sifatida jamg‘arishga yaroqsiz deb topilib, urug‘chilik maqomidan chiqarilishi taʼminlandi.

Shu bilan birga, urug‘chilik subyektlarida 2021 yil hosilidan

155,1 ming tonna urug‘lik paxta xom-ashyosi, 272,2 ming tonna urug‘lik don, 39,5 ming tonna urug‘lik kartoshka va 16,5 ming tonna sholi urug‘liklari jamg‘arilishi hamda urug‘lik tayyorlash sexlari tomonidan urug‘liklarni saralash, dorilash va qadoqlash ishlari ham muntazam ravishda nazorat qilib borildi.

Natijada urug‘lik chigit 63 ming 732 tonna, urug‘lik boshoqli donni 281 ming 032 tonna, kartoshka urug‘ligi 17 ming 5 tonna hamda

Soya 4 ming 500 tonna, Makkajo‘xori 2 ming 500 tonna, Sholi 289 tonna, Kungaboqar 176,7 tonna hamda 102 tonnadan ortiq boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarni muvofiqlik sertifikati asosida realizatsiya qilinishi nazorat qilib borildi.

Bundan tashqari, 2021 yilda tayyorlangan 1 ming 798 tonna urug‘lik chigit, 6 ming 794 tonna urug‘lik don, 101 tonna urug‘lik kartoshka ekish uchun yaroqsiz ekanligi aniqlanib, ushbu urug‘liklarni qishloq xo‘jaligi korxonalariga tarqatilishini oldi olinib, natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi korxonalariga yetkaziladigan katta miqdordagi iqtisodiy zararning oldi olinishiga erishildi.

Yuqoridagilar yuzasidan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish sohasida jami 24 462 ta nazorat tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan, 14 928 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

Ushbu aniqlangan qonunbuzarlikni kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida sohaga aloqador korxona va tashkilotlarga 1 598 ta taqdimnoma va 12 121 ta yozma ko‘rsatmalar kiritilishi taʼminlandi.

Shuningdek, mansabdor shaxslarga nisbatan 1 112 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 19 443 ta jismoniy va yuridik shaxslarga ogohlantirishlar berildi.

Qonuniy qaror qabul qilish uchun sud, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlariga 743 ta materiallar yuborilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chilik sohasida 2021 yilda  qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlar biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabridagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-son Qarori qabul qilinib Qaror bilan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lik yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va foydalanuvchilarning huquq manfaatlarini hamda urug‘larning sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi nazarda tutuvchi 5 ta nizomlar tasdiqlandi.

“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda mazkur tasdiqlangan nizomlar ijrosi yuzasidan sohada qonun ustuvorligini taʼminlash va qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘chilik sohasida davlat siyosatining ijro qilish bo‘yicha nazorat faoliyati olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Inspeksiya organlari tomonidan 2022 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlash, urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilinishini normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi rejali nazorat qilish mexanizmi belgilab olindi.

 

M.Kurbanbayev,  Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarma boshlig‘i                            

 Sh.Xayitov, Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i                                                    

 

Text to speech