Ру Ўз O`z En

Inspeksiya faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tgan haftada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni

21 Fevral 2022 1939

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini yana-da oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–128-son, 14.02.2022 y.) qabul qilindi

Qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

2023 yil 1 yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi.

Inspeksiyada byudjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun Qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovini amalga oshirish boshqarmasi (40 ta shtat birligidan iborat) tashkil etiladi.

 2022 yil 1 apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot to‘lanadi.

 2022 yil 1 noyabrgacha Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

 2022 yil 1 noyabrdan Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi.

2. Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–754, 15.02.2022 y.) bilan Jinoyat kodeksining 132-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish:

- takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

- ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;

- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi

Ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik:

- fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha (810 ming so‘mgacha);

- mansabdor shaxslarga esa 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

3.  Qonun (O‘RQ–753-son, 15.02.2022 y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

 Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda (224-1-modda) qo‘llanilgan jarimani to‘lamasa, O‘zbekiston hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuboriladi.

Ilgari jarima to‘lashidan qatʼiy nazar O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilganda keyinchalik O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanish muddatini qo‘llashga aniqlik kiritildi.

 Shunga ko‘ra, davlat chegarasi rejimini birinchi marta buzib o‘tganda 1 yil muddat, ikkinchi marta sodir etilganda 3 yil muddat O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanadi.

Qonun bilan shuningdek, quyidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari ko‘rib chiqishi belgilandi:

- chegara zonasiga, shuningdek fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish hamda ularda yashash qoidalarini buzish (224-modda);

- Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish (224-1-modda 1-qismi).

4.  Hukumat qarori (73-son, 16.02.2022 y.) bilan Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

 Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan:

- chet tilini bilish darajasini aniqlash, malaka sertifikati yoki maʼlumotnoma olish uchun test sinovida qatnashish bo‘yicha murojaatlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi;

- talabgordan 3,5 x 4,5 sm fotosurat va davlat xizmati uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjat nusxasini talab qilish bekor qilinadi;

- imtihon o‘tkaziladigan kunlar DTM saytida eʼlon qilinadi va talabgorga imtihon kunini mustaqil tanlash huquqi beriladi;

- test natijalarini eʼlon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartiriladi;

- malaka sertifikati yoki maʼlumotnoma natija eʼlon qilingan kundan boshlab 1 ish kunida talabgorga yuboriladi.

- amaldagi har bir daraja (A2, V1, V2, S1) uchun alohida imtihon topshirish tartibiga qo‘shimcha umumlashtirilgan ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi (V1, V2, S1) joriy qilinadi.

- Multi-level test tizimi 2022 yil 1 martdan – ingliz tili uchun, 2022 yil 1 noyabrdan – nemis, fransuz va arab tillari uchun joriy etiladi.

- Reglamentga muvofiq, chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishda talabgor so‘rovnomani mustaqil ravishda YAIDXP orqali to‘ldiradi.

- So‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

- So‘rovnoma YAIDXP orqali avtomatik tarzda DTM (vakolatli organ)ga yuboriladi.

DTM talabgorlarni malaka imtihonini o‘tkazish joyi va aniq vaqti to‘g‘risida imtihon sanasidan 3 kun oldin xabardor qiladi.

- Chet tilini bilish darajasi test sinovi, yozma ish va gapirish ko‘nikmasini baholash yo‘li bilan aniqlanadi.

- Malaka imtihoni qog‘ozlarda yoki kompyuterda o‘tkazilishi mumkin.

- Imtihon topshirishda talabgor pasport, ID-karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning aslini taqdim etadi.

-  Malaka imtihonining har bir daraja uchun o‘tkaziladigan test sinovi:

- “tinglab tushunish”, “o‘qish” bo‘limlarining har biri 30 ta savoldan;

- “yozma ish” bo‘limi 2 ta yozma topshiriqdan (darajaga bog‘liq holda birinchi topshiriq – 30-150 ta so‘zdan, ikkinchi topshiriq – 50-250 ta so‘zdan);

- “gapirish” bo‘limi topshiriqlarning 3 ta turidan iborat bo‘ladi.

- Reglament 2022 yil 1 martdan kuchga kiradi.

5. Nogironlik nafaqasi va pensiyasining eng kam miqdori oshirildi

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–74-son, 17.02.2022 y.) qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan:                                                               - mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi;                                                                                                                    - o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.                                                                                                                         - Parvarishlash nafaqasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.

 Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar to‘g‘risidagi, 2022 yil 1 oktyabrdan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi maʼlumotlar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron taqdim etib boriladi.

- 2022 yil oktyabrdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proyektiv shakl”da tayinlanadi.

- Farmon bilan shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati (34 ta) tasdiqlandi.

 

 

 

Text to speech