Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining 98 foizi sug‘orma dehqonchilik hissasiga to‘g‘ri keladi. Sug‘oriladigan maydonlarni hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini suv bilan taʼminlash uchun 180 ming km. kanal, 141 ming km. zovurdan iborat suv xo‘jaligi tizimi tashkil topgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda va sohaga oid boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan 156 ta nazorat tadbirlari davomida 188 ta holatda suvga oid qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Jumladan, 35 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish, 72 ta suv obyektlarini holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, 2 ta suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzish, 4 ta suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish, 74 ta boshqa turdagi hamda 58 ta holatda suv olish tartibini buzish kabi holatlarni tashkil qilgan.
Inspeksiya tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 108 ta holatda 29160 ming so‘m maʼmuriy, 58 ta 1801 ming so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan bo‘lsa, 7 ta to‘plangan hujjatlar sudlarga, tegishli tashkilot va muassasalarga 13 ta taqdimnoma hamda 59 ta majburiy ko‘rsatmalar kiritilishi taʼminlangan.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 274 ta suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Masalan, suvni qarovsiz qoldirilishi va suvdan xo‘jasizlarcha foydalanilishi natijasida, Norin tumanidagi “Dilmurod o‘g‘illari Javlon Mavlon” fermer xo‘jaligi tomonidan 12 gektar g‘alla maydonining 0,10 gektari, “Qoradaryo mavji” fermer xo‘jaligida 17 gektar g‘alla maydonidan 0,10 gektari, “Marg‘izor saxovati” fermer xo‘jaligida 15 gektar g‘alla maydonidan 0,10 gektari, “Dadajon ota” fermer xo‘jaligida 9 gektar g‘alla maydonidan 0,15 gektari, “Shermamat Xusniddin” fermer xo‘jaligida 11 gektar g‘alla maydonidan 0,15 gektari ko‘llatilganligi aniqlanib, MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy javobgarlik bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tumani sudiga yuborilgan.
Bu borada “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan nazorat hujjatlarini qo‘llanilishi taʼminlanmoqda.
Shavkat Bozorov “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyati boshqarmasi bosh inspektori