Bugungi kunda barcha sohalarda har tomonlama jadal rivojlanish ro‘y berayotgan ekan, bu jarayon albatta, tilimizga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Hozirgi zamonaviy o‘zbek tili leksikologiyasiga yangi so‘zlar kirib kelayotganligi hozirgi o‘zbek tili so‘z boyligining o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumki, tilimizga yangi terminlarning kirib kelishi o‘zbek tilining boyish manbalaridan biri hisoblanadi. Turli texnologik rivojlanish, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish hamda yangi islohotlar amalga oshirilishi natijasida qishloq xo‘jaligidagi sohalar ham bu o‘zgarishlardan chetda qolmaydi.
Qishloq xo‘jaligining paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanish sohasida ham sohaga oid o‘ziga xos terminlari mavjud bo‘lib, ular har qanday yo‘nalishda bo‘lgani kabi, mazkur sohada vakillari hamda mutaxassislari uchun muhim terminologik munosabatni ifodalaydi.
XIX asr oxiri XX asr boshlaridan boshlab mazkur sohaga oid o‘zbek tilida yangi terminlar shakllana boshlagan. Masalan, sohaga oid ilmiy adabiyotlarda va o‘zaro muloqotda “jin” so‘zi ishlatiladi. “Paxta tozalash sanoatidagi atamalar va tushunchalarning o‘zbekcha-ruscha izohli lug‘ati” kitobida “jin” so‘ziga “tola ajratish mashinasi” deb izoh berilgan. “Jin” so‘zi ingliz tilidagi “engine” so‘zining qisqartirilgan ko‘rinishi bo‘lib, bu so‘z mashina, motor, dvigatel maʼnolarini anglatadi.
Soha rivojlanishi jarayonida o‘zbek tili terminologiyasida “tola tozalagich”, “paxta taqsimlagich”, “buzgich-taʼminlagich”, “o‘rta tolali g‘o‘za”, “uzun tolali g‘o‘za”, “otqich-taqsimlagich”, “qalqonsimon tushirgich”, “g‘aram buzgich”, “toy paxta”, “chang tutqich” kabi terminlar paydo bo‘ldi. Xuddi shunday o‘zbek va xorijiy so‘zlar birikmasidan iborat “arrali jin”, “g‘o‘lali jin”, “chang tutish kamerasi”, “kolosnikli panjara”, “qumli vanna”, “chigit uchun bunkerli ombor”, “paxta generatori”, “yig‘uvchi bunker”, “muvofiqlashtirilgan texnologik jarayon”, “quritish agenti”, “issiqlik generatori” kabi yangi terminlar ham kirib kelgan. Bu kabi boshqa so‘zlardan o‘zlashib kelgan so‘zlarning o‘zbekcha muqobilini topish albatta muhim, ammo sohalarda bunday so‘zlarning muqobili badiiy maʼno aks etganda yoki bir so‘zning bir necha so‘zlar bilan ifodalanishini taqozo qilganida ixchamlik va tushunarlilik kasb etgan so‘zdan foydalanish ko‘proq qulaylik tug‘diradi. Ammo, har qanday sohaga kirib kelayotgan yangi so‘z yoki terminlarning o‘zbek tili leksikologiyasiga mos kelishi maqsadga muvofiq.
“Delinter”, “linter”, “vintli konveyr”, “separator”, “kondesor”, “gidravlik press”, “pnevomotransport”, “kolosnik”, “siklon” kabi xorijiy tillarga xos so‘zlar allaqachon sohada doimiy qo‘llaniladigan so‘zlar qatoriga qo‘shilgan.
Bunday terminlar turli tilda so‘zlashadigan sohaga oid mutaxassislar uchun bir xil tushunarli bo‘lishi bilan ham xususiyatlidir. Jumladan, paxta tolasining “mikroneyr ko‘rsatkichi” so‘z birikmasi termin sifatida kirib kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q va u dunyoning barcha davlatlarida paxta tolasining ingichkaligi va pishib yetilganligini ifodalovchi ko‘rsatkich nomi deb qabul qilingan.
Xuddi shunday, 2017 yildan buyon sohada paxta to‘qimachilik klasteri termini qo‘llanilmoqda. “Klaster” so‘zi inglizcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tiliga “uyum”, “to‘p” deb tarjima qilinadi. “Klaster” so‘zining tub maʼnosi bir nechta bir xil turdagi elementlarning birlashmasi bo‘lib, aniq xususiyatlarga ega bo‘lgan alohida birlikdir.
Axborot texnologiyalarida “klaster” -yuqori tezlikdagi axborot kanallari bir nechta kompyuterlar yordamida ulangan va foydalanuvchi uchun bitta apparat sifatida ishlovchi kompyuterlar yig‘indisi yoki kompyuterda maʼlumotni saqlovchi disklarning birligi sifatida, astronomiyada “yulduzlar klasteri”-gravitatsiya kuchi yordamida o‘zaro bog‘langan yulduzlar to‘pini anglatuvchi termin sifatida qo‘llaniladi. Ushbu termin bugungi kunda iqtisodiyotda, qishloq xo‘jaligida eng faol qo‘llaniladigan termin bo‘lsada, uning nutqimizga yangi kirib kelganligi bois 2020 yilda chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “klaster” so‘zining maʼnosi izohlanmagan. Bu esa, kun sayin tilimiz leksikologiyasining boyib borayotgani yaqqol isbotidir.
Paxta sohasida qo‘llaniladigan paxta to‘qimachilik klasteri terminiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4-dekabrdagi 733-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom” bilan taʼrif berilgan. Unga ko‘ra paxta-to‘qimachilik klasteri — bir yoki bir nechta tashkilotlar tomonidan paxta xom ashyosini yetishtirish va (yoki) shartnoma asosida sotib olishdan uni, shu jumladan, boshqa xo‘jalik subyektlari bilan hamkorlik asosida chuqur qayta ishlash jarayonlarini o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish majmuasidir.
Yuqoridagi misollardan ko‘rinadiki, bugungi zamonaviy o‘zbek tilining boyish manbalaridan biri bo‘lgan sohalarga oid yangi terminlarning tilimizga kirib kelishi tilshunoslik, xususan leksikologiya yo‘nalishida o‘zgarishlar yasashiga sabab bo‘ladi. Bunday leksik o‘zgarishlarni o‘rganish, ularning mazmuniga yaqin optimal muqobil so‘zlarni topish eng muhim vazifalardan sanaladi.
Sh. Mamadaliyeva, “O‘zagroinspeksiya” Paxta xom ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori