2021 yil iyul oyining dastlabki 10 kunligida yurtimizga kirib kelgan anomal issiq havo oqimi agrar sohada ham kechiktirib bo‘lmas zarur chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etdi. Shundan kelib chiqqan holda "O‘zagroinspeksiya" Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘ining 48-sonli buyrug‘i qabul qilinib, boshqarmada tezkor shtab tashkil etildi. Shuning barobarida paxtachilik tumanlarida inspeksiya xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, ular zimmasiga 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan g‘o‘za maydonlarini sug‘orishni samarali taʼminlashni nazorat qilishdek muhim vazifalar yuklatildi.
Tahlillarga ko‘ra joriy yil 8 iyul kuni viloyat chegarasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun 159,9 m3/sek suv olingan va uning atigi 51,1 foizi (81,7 m3/sekund) g‘o‘za maydonlarini sug‘orishga yo‘naltirilgan. 2021 yil hosili uchun viloyatda 2 ming 227 ta fermer xo‘jaliklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jami 80 ming 200 gektar yerda g‘o‘za parvarishlanayotgani hisobga olinsa, masalaning qanchalik jiddiy ekanini tushunish qiyin emas. Aslida yetkazib berilgan 1 m3/s suv bilan 40 gektar g‘o‘za maydonini sug‘orish mumkin bo‘lsada, ayrim hududlarda bor-yo‘g‘i 33 gektar sug‘orilgan, xolos.
Paxtakor tumani misolida aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda mazkur hududda 244 ta fermer xo‘jaliklari va paxta klasteri tomonidan 11 ming 700 gektar paxta parvarishlanmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi inspektori Nurilla Jo‘rayev
Joriy yilning 8 iyul kuni 14 m3/sekund suvning 9.4 m3/sek qismi bilan bir kunda 376 gektar sug‘orish kerak bo‘lsada, amalda 348 gektar sug‘orilgan. Bu esa g‘o‘zani sug‘orishda ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligini anglatadi. O‘sha kungi aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli tashkilot va xo‘jaliklarga 10 ta ogohlantirish va 2 ta yozma ko‘rsatmalar berilib, tuman hokimligiga 1 ta taqdimnoma kiritildi.
Agar ushbu holat umumiy darajada tahlil qilinsa, viloyat chegarasiga olingan suv bilan bir kunda jami 3 ming 268 gektar o‘rniga, 3 ming 23 gektar g‘o‘za maydoni sug‘orilgan bo‘lib, bu meʼyorga nisbatan 245 gektar kam deganidir.
Issiq ob-havo sharoitida hosilni saqlab qolish dolzarb bo‘lib turgan bir mahalda isteʼmolchilarning suvdan foydalanish madaniyati va tartibining yo‘qligi sababli kunlik olinayotgan suvdan samarali foydalanishda joylarda bir qator xato va kamchiliklar yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori G‘ayrat Shodiyev - Jumladan, Do‘stlik tumanidagi “Ulug‘bek Sirojiddin dalasi”, Zarbdor tumanidagi “Lada xrey kross” singari fermer xo‘jaliklarida 8-10 l/sek suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yilgan bo‘lsa, Paxtakor tumanidagi “Ufq dalasi” va Mirzacho‘l tumanidagi “Ulug‘bek” kabi fermer xo‘jaliklari esa 0,2-0,3 gektardan g‘o‘za maydonlarini ko‘llatib yuborgan.
Darvoqe, g‘o‘zaning baravj rivojlanishida sharbatlab sug‘orishning ahamiyati katta ekanini ayniqsa, dehqonlarimiz yaxshi bilishadi. Biroq shunga qaramay aksariyat tumanlarda bunday usul qo‘llanilmagan.
Misol uchun, Arnasoy tumanidagi “Sherbek shamoli”, “Forishlik O‘lmasbek”, “Arnasoylik Shuhrat”, “Etti o‘g‘lon maskani”, “Yangibo‘stonlik Yusufbek”, “Yangibo‘stonlik Jonibek”, Zarbdor tumanidagi “Zar saykal - s”, “Ibroxim Diyorbek”, “Rohila unumdor dalasi”, “Shaxzoda Anvara dalasi” va “Zafar soy yo‘li”, Paxtakor tumanidagi “Zafar Eʼzoza”, “Nur-ziyo Olimjon dalasi”, “Sulton Mirtoz” va “Faxrli Yurt” hamda Mirzacho‘l tumanidagi “Gulzor lochini”, “Qironov To‘lqin”, “Marjon dala” va “Omad-5” fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za maydonlari sharbat bilan sug‘ormagan.
Yana bir gap: Mavsum ishlarining ko‘ngildagidek borishi suvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ham bog‘liq. Ishchi guruhlari tomonidan ana shu jihatlar ham eʼtiborga olinib, bu boradagi masalalar chuqur o‘rganib chiqildi. Monitoring tahlillariga ko‘ra, viloyatdagi 35 ga yaqin fermer xo‘jaliklarida kunning issiq vaqtida suvchilarning dam olishlari uchun dalaning o‘zida yotoq joylari tashkil qilinmasdan, ularning ertalab va kechki soatlarda dalada ishlashlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilmagan.
Yuqoridagi aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan to‘plangan maʼlumotlar viloyat prokuraturasiga taqdim qilib borildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati