Ру Ўз O`z En

Jizzax: sho‘r yuvish tadbirlari nazorati davomida 90 dan ortiq qonunbuzilishi holatlari aniqlandi

28 Dekabr 2021 1541

Yerlarning samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi ekinlaridan kutilgan hosilni yetishtirish maqsadida har yili sho‘r yuvish tadbirlari olib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8-apreldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan sho‘r yuvish ishlarida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.

-Viloyat bo‘yicha 2021-2022 yillar kuzgi-qishgi mavsumda sho‘r yuvish uchun jami 16 ming 270 gektar maydonda yer tayyorlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bugungi kunda 11 ming 617 gektar, yoki 71 foiz maydonda yer tayyorlash ishlari bajarilgan,- deydi Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi katta inspektori Iskandar Xamidullayev.- Bugungi kunda ham bu ishlar davom ettirilib, mavsum davomida belgilangan maydonning yana 3 ming 360 gektarida ikkinchi marotaba sho‘r yuvish ishlarini o‘tkazish hisobiga jami sho‘rdan yuviladigan maydon - 19 ming 630 gektarga yetkazilishi nazarda tutilgan. Hozirga qadar 15 foizdan ortiq maydonda sho‘r yuvish ishlari bajarilgan. Bunda albatta suvdan maqsadli foydalanish ustuvor vazifa sanaladi.

Inspeksiya organlari tomonidan sho‘r yuvish tadbirlarida suvdan samarali foydalanilishi ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida jami 91 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangan. Shundan, 3 ta holatda suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yilgan bo‘lsa, 5 ta holatda esa sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilar jalb etilmagani sababli daladagi suv qarovsiz qoldirilgan. Bundan tashqari, 2 ta holatda sifatsiz sho‘r yuvish ishlari olib borilib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan, 24 ta holatda sho‘r yuvishga sifatsiz yer tayyorlanib, 5 ta holatda ruxsat etilmagan joylardan shartnomasiz suv olish holatlari aniqlangan.

Mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan inspeksiya vakolati doirasida maʼmuriy va moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarni bartaraf qilish maqsadida korxona, muassasa, tashkilot rahbarlariga yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi. Shuningdek, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni erta oldini olish uchun suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga ogohlantirishlar berilgan.

-Mirzacho‘l tumanida 2022 yil hosili jami 3 ming 180 gektar maydonda birinchi va ikkinchi sho‘r yuvish tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan, -deydi Inspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori Aziz Nurov. –Hozirgi kunda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bir kunda o‘rtacha 31,0 gektar, mavsum boshidan buyon esa 298,0 gektarni tashkil qilmoqda. Sho‘r yuvish tadbirlarida suvdan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, joriy yilning dekabr oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 8 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

Xulosa o‘rnida, sho‘r yuvish tadbirlarini olib borishda suvdan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar va normativ huquqiy hujjatlarga rioya etish hamda obi-hayotdan maqsadli, tejab-tergab foydalanish lozim. Zero, bu butun mavsum davomida suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojni taʼminlab, uning taqchilligini yumshatishga xizmat qiladi.  

O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

 

Text to speech