Ayni kunlarda paxtadan mo‘l va sifatli hosil yetishtirishni maqsad qilgan Jizzax viloyati paxtakorlari ham har bir kunni g‘animat bilib, g‘o‘za parvarishidagi muhim agrotexnik tadbirlarni jadal olib borishmoqda. Viloyatda 2021 yil paxta hosili uchun 80 ming 200 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, hozirda ko‘chatlarni oziqlantirish uchun gektariga 150 kg.dan azotli o‘g‘itlar berish orqali maydonlar kultivatsiyadan chiqarilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, dalalar begona o‘tlardan tozalanib, chuqur yumshatish va yaganalash ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Joriy yilgi mavsumda viloyatda 1359 ta kultivatorlar g‘o‘za qator oralariga ishlov berish uchun jalb etilgan.
Mazkur tadbirlarning belgilangan muddatlarda tez va sifatli bajarilishi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olingan.
Viloyatda bugungi kunda, chigit ekilgan maydonlarda qator orasiga birinchi ishlov berish tadbirlari to‘liq yakunlandi.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan hududlarda g‘o‘za qator oralariga ishlov berishda kultivatordagi ishchi organlar soniga va ishlov berish chuqurligiga va uning sifatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Albatta nihollarning rivojlanishi hamda yuqori hosilga erishishda g‘o‘zani bargidan oziqlantirishning ahamiyati katta.
Bu jarayonda karbamid suspenziyasi bilan birga Gumimaks, Edagum, Fitovak va boshqa stimulyatorlar bilan ishlov berish yaxshi samara beradi, deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. - Darvoqe, barg sathiga tushgan suspenziya, o‘simlik to‘qimalariga so‘rilib, o‘simlikning o‘sib-rivojlanishini yaxshilaydi, fotosintez jarayoni jadallashadi, natijada so‘ruvchi hasharotlarga bardoshligi ortadi, hosildorlik oshadi va hosilning pishib yetilishi tezlashadi.
G‘o‘zani bargi orqali oziqlantirilgan maydonlardagi rivojlanish 3–5 kunga tezlashadi.
Yuqoridagilar inobatga olingan holda, viloyatda g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu tadbirga viloyat bo‘yicha 483 ta purkagichlar jalb qilingan.
Demak, ayni vaqtda ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlar kelgusida paxtadan mo‘l-hosil ko‘tarishga zamin yaratadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati