Ру Ўз O`z En

Jizzax viloyatida kelasi yilgi g‘alla hosili uchun jami 108 ming 932 gektar maydonga boshoqli don ekiladi  

28 Sentyabr 2022 1001

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 avgustdagi “2023 yil hosili uchun g‘alla navlarini joylashtirish, urug‘lik don tayyorlash, don ekish agregatlarini taʼmirlash, ekish uchun yer tayyorlash va ekish mavsumini uyushqoqlik bilan tizimli tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 175-sonli yig‘ilish bayoni hamda viloyat hokimining 2022 yil 11 avgustdagi shu mazmundagi 22-sonli qaroriga asosan Jizzax viloyatida kelasi yilgi g‘alla hosili uchun jami 108 ming 932 gektar maydonga boshoqli don ekinini ekish rejalashtirilgan. Baraka urug‘ining 33 ming 232 gektari ochiq maydonlarga va 75 ming 700 gektari g‘o‘za qator oralariga joylashtiriladi.

Buning uchun shu kunga qadar viloyat bo‘yicha 62 ming 346 gektar yoki 57,2 foiz maydon boshoqli don ekish uchun tayyorlandi, deydi “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. Shundan 12 ming 404 gektarini ochiq maydon, 49 ming 941 gektarini g‘o‘za qator orasi tashkil qiladi.

Bugungi kunda jami 47,7 foiz maydonda boshoqli don ekinlari ekilib, har gektariga fizik holda 200 kilogrammdan fosforli va 50 kilogrammdan kaliyli o‘g‘itlar bilan ekish ishlari amalga oshirilgan.

Yana bir gap: Ochiq maydonlar uchun 52 dona seyalkalar va g‘o‘za qator oralariga 253 dona moslamalar ekish ishlariga jalb qilingan.

2023 yil hosili uchun viloyatdagi mavjud 3 ta don korxonasi hamda 6 ta klaster va elita urug‘lik xo‘jaliklariga qarashli tayyorlov sexlarida jami 22 ming 805,2 tonna urug‘lik don tayyorlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, urug‘likni tayyorlash va qadoqlash bo‘yicha belgilangan ishlar to‘liq nihoyasiga yetkazilgan. Ayni kunlarda tayyorlangan urug‘lik bug‘doy 11 ta shoxobchaga tarqatilmoqda va 16 ming 700 tonnadan oshig‘i joylarga yetkazib berilgan.

Shuningdek boshoqli don ekinlarini ekish uchun yer tayyorlash va fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida hamda sifatli ekish bo‘yicha 1037 ta fermer xo‘jaliklariga ogohlantirish xatlari berildi.

Taʼkidlash joiz, kuzgi boshoqli don ekish bilan bog‘liq barcha jarayonlar “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va uning tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

 

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech