Yangiobod tumani Jizzax viloyatining eng olis va chekka hududi sanalib, mazkur goʼsha koʼkka boʼy choʼzgan azim togʼlar, qir va adirlar bagʼrida joylashgan. 26 mingdan oshiq aholi istiqomat qiladigan hudud odamlarining asosiy tirikchligidan biri bu chorvachilikdir. Oʼziga xos tabiiy geografik omillar mazkur hududda chorvachilik sohasini rivojlantirish imkonini beradi.
Biroq, tumanda ana shunday shart-sharoitlar borligi hamda chorvachilik yoʼnalishida 16 ta fermer xoʼjaliklari faoliyat koʼrsatishiga qaramasdan, shu paytga qadar tumanda naslchilik xoʼjaligi mavjud emas edi.
Mahalliy tadbirkorlardan biri Saida Oʼrolova tashabbusi bilan naslchilikka ixtisoslashtirilgan chorvachilik xoʼjaligi faoliyatining yoʼlga qoʼyilgani esa ushbu kemtikni toʼldirgan holda Yangiobodda ham kelgusida naschilik xoʼjaliklarining koʼpayishiga zamin hozirladi. Ishbilarmon tomonidan investitsiya dasturi asosida Germaniya davlatidan 30 bosh Golishtin zotli qoramollar keltirilib, naslli chorvachilikni tashkil etish uchun tijorat bankining 750 million soʼm imtiyozli krediti va tadbirkorning 200 million soʼm shaxsiy mablagʼi yoʼnaltirildi.
Bugungi kunda “Islombek baxt quyoshi” nomi ostida ish boshlagan xoʼjalikning faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi va Yangiobod tuman boʼlimining Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish yoʼnalishi xodimlari tomonidan chuqur oʼrganilib, ular tomonidan fermer xoʼjaligida chorva mollarini sunniy uruglantirishni tashkil etish, veterenariya va zootexnik mutaxasislari bilan taʼminlash, chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini belgilangan rattsion asosida parvarishlash, xujalikni naslchilik fermer xujaligi toifasiga oʼtkazilishi va uning afzaliklari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Oʼz navbatida qishloq mulkdorining kelgusidagi rejalari ham ulkan. U yaqin yillarda sutchilik yoʼnalashidagi naslli qoramollar sonini 80 boshga yetkazishni hamda xoʼjalik qoshida sutni qayta ishlaydigan mini sexni ishga tushirishni maqsad qilgan.
Maʼlumot oʼrnida, Jizzax viloyat boʼyicha bugungi kunda jami 608 ta qoramolchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʼjaliklari faoliyat koʼrsatib, shundan 18 tasini naslchilik yoʼnalishidagi xoʼjaliklar tashkil qiladi.
А. Xolmirzaev,“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori,
Yo. Аhmedov,“Oʼzagroinspektsiya” ning Yangiobod tuman boʼlimi katta inspektori