Ру Ўз O`z En

Jizzaxda “Oʻzagroinspeksiya” va YHXB xodimlari oʻrtasida qoʻshma reydlar oʻtkazilmoqda

13 Avgust 2021 1998

Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilishi texnikalari holati va ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi ustidan sifatli nazoratni tashkil etish maqsadida “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda 2021 - yil ikkinchi yarim yilligiga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Mazkur hujjatga muvofiq, viloyatning barcha hududlarida haftaning payshanba kunlari qoʻshma reydlar oʻtkazilmoqda.

-Qoʻshma tadbirlar rejasi Mirzachoʻl tuman ichki ishlar boʻlimi YHXB bilan ham ishlab chiqilgan,-deydi, Inspeksiyaning Mirzachoʻl tuman boʻlimi katta inspektori Sanjar Norqulov, – shunga asosan oʻtkazilgan reydlar davomida 5 ta holatda ma’muriy huquqbuzarlikka doir bayonnomalar rasmiylashtirilib, 449,1 soʻmlik jarimalar qoʻllanilgan.

Mazkur tadbirlarda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha turdagi qishloq xoʻjaligi, mellioratsiya va yoʻl qurilishi texnikalarining texnik holati, jumladan, ularning jihozlanganligi, undan qanday foydalanayotgani traktorchi mashinist, ya’ni (haydovchi)larda transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligi koʻzdan kechirilmoqda. Shuningdek, 2022 - yil hosili uchun kuzgi gʻalla ekishda qatnashadigan don seyalkalari va gʻoʻza qator oralariga ekish moslamalari hamda joriy yilgi gʻoʻza defoliatsiyasida ishtirok etadigan purkagichlar, paxta terish mashinalari, traktorlar va tirkamalarni mavsumga tayyorlash ishlarining borishi ham nazoratga olinmoqda.

 -Har haftaning payshanba kunlari tashkil etilayotgan reyd tadbirlari Arnasoy tumanida ham muntazam oʻtkazib kelinayotir, - deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi katta inspektori Otabek Qahhorov, - oʻtkazilgan tadbirlar davomida 10 ga yaqin qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilishi texnikalari toʻxtatilib, ularning hujjatlari va boshqa texnik holatlari oʻrganildi.
4 ta holatda kamchiliklar borligi aniqlandi. Chundan 3 tasida texnikalarda nosozliklar qayd etilgan boʻlsa, qolgan 1 tasida traktorchi mashinist, ya’ni (haydovchi) transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini koʻrsata olmagan.

Shundan kelib chiqib, tadbirlarda texnik nosoz boʻlgan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilishi texnikalari bilan koʻchaga, yoki dala ishlariga chiqmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Chunki, nosoz texnikalardan foydalanish koʻpgina koʻngilsizliklarni keltirib chiqarishi yohud ishlarning oʻz vaqtida va sifatsiz bajarilishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, reyd tadbirlari yil oxiriga qadar davom etadi.

Umirzoq Hamdamov

“Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi

bosh inspektori

Text to speech