Sir emaski, keyingi yillarda butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham suv muammosi global masalalardan biriga aylandi. Zotan obi-hayotning har bir tomchisidan oqilona foydalanish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni davrning o‘zi taqoza etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslaridan foydalanish va sohada sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida qatʼiy nazorat o‘rnatildi.
Binobarin, joriy yilning o‘tgan o‘n bir oyi davomida jami 3 ming 737 ta nazorat tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan 3 ming 360 ta yozma ko‘rsatma berilib, hokimlik va masʼul tashkilotlarga 141 ta taqdimnoma kiritildi va 480 ta holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, 3 ming 89 nafar shaxslar rasman ogohlantirildi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jami 61 ta hujjat yuborilib, shundan qonuniy qaror qabul qilish uchun sudlarga 50 ta, prokuraturaga 11 ta materiallar taqdim qilingan.
Suvdan oqilona va samarali foydalanish hamda suv isteʼmoli qoidalariga rioya etilishiga oid qonunbuzilish holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlari o‘rtasida 2 ming 200 dan ortiq profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, mazkur tadbirlarda berilgan aniq ko‘rsatma va tushuntirishlar natijasida 1 ming 951 ta holatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni isrof qilinishining oldi olindi.
Bundan tashqari, 270 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘yilishining oldi olinishiga erishildi.
Maʼlumot uchun, Inspeksiya xodimlarining amaliy yordami bilan 312 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari o‘rtasidagi nizoli holatlar bartaraf etilib, 320 ta holatda suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilgan.
X. Fayzullayev, “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori