Ру Ўз O`z En

Joriy yilda Respublika bo‘yicha 80 dan ortiq g‘o‘za navlari ekilgan

7 Oktyabr 2022 2078

So‘ngi yillarda Prezident tomonidan qabul qilinayotgan urug‘chilik sohasini rivojlantirishga oid qarorlar bilan, agroklasterlar va fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jalik ekinlarining eng hosildor navlarini belgilangan tartibda import qilishga, shuningdek, mustaqil joylashtirishga ruxsat berildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyestriga 40 ta g‘o‘za navi kiritilgan bo‘lib, shundan 5 tasi o‘rtapishar, 35 tasi ertapishar navlarni tashkil qiladi.

So‘ngi yillarda respublikada faoliyat yuritib kelayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan mahalliy sharoitda yaratilgan Buxoro-6, Buxoro-8, Buxoro-102, Sulton, S-8290 singari yuqori hosildorlik va ertapisharlikka ega navlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

Shu boisdan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan idoralararo ekspert komissiyasi xulosasiga binoan ilgari davlat reyestrida bo‘lgan Xorazm-127, S-8290, Buxoro-10 singari navlarning maydoni kengaytirilib borilmoqda.

Respublika paxta maydonlarining asosiy qismida Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan navlar yetakchilik qilib kelmoqda.

Xususan, joriy yilda ham asosiy maydonlarda ertapishar Sulton navi 188 ming 938 gektar, Buxoro-102 navi 161 ming 840 gektar, o‘rtapishar Buxoro-6 navi esa 77 ming 743 gektar, Andijon-35 navi 75 ming 907 gektar, Buxoro-10 navi 62 ming 799 gektarni tashkil etadi.

Joriy yilda klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining takliflari asosida respublika bo‘yicha 80 dan ortiq g‘o‘za navlari ekilib, asosiy maydonlarda ekib kelinayotgan navlarning o‘rnini bosishga qodir 40 dan ortiq istiqbolli va yangi navlarning ham urug‘ligi ko‘paytirib kelinmoqda.

Ushbu jarayonlar Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, 2023 yil hosili uchun urug‘lik paxta xomashyosi tayyorlash tadbirlari davom ettirilmoqda.

 

N.Ismailov- Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

M.Kurbanbayev- Inspeksiyaning Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i

Text to speech