Viloyat dehqonlari tomonidan erta bahorda ekilgan paxta chigitining hosili taroziga tushadigan va paxta qabul qilish maskanlarida xirmon bo‘lib uyuladigan palla boshlanish arafasida. Shu munosabat bilan viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 9 ta paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan 2021 yil paxta hosilini qabul qilib olish uchun 19 ta paxta qabul qilish maskanlari mavsumga tayyorlandi.
2021 - yilda 72 ming 557 gektar maydonga urug‘ qadagan Sirdaryolik paxtakorlar tomonidan jami 232 ming 200 tonna sifatli paxta xom-ashyosini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 30 - avgustdagi “2021 - yil paxta hosilini uyushqoqlik bilan nest-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar to‘g‘risida”gi 153-sonli yig‘ilish bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat va tumanlarda "Arbitraj guruhlari" tuzildi. Ayni damda joylarda "Arbitraj guruhlari"ga yuklatilgan vazifalarni batafsil tushuntirish masalalari bo‘yicha amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Mirzaobod tumanidagi “Bek-klaster” maʼsulyati cheklangan jamiyatga qarashli paxta qabul qilish maskanida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda, “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari inspektorlari, "Agrosanoat majmuida xizmatlar markazi" DUK viloyat filiali xodimlari, klaster korxonalari mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i N. Shodiyev va boshqalar so‘zga chiqib, soha mutaxassislariga paxta tayyorlov maskanlariga qabul qilinayotgan paxtaning sifatini aniqlash, sof vazn bilan konditsion vazn o‘rtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qo‘llanilishida Arbitraj guruhlarining maqsad va vazifalari xususida fikr bildirishdi.
Shuningdek, o‘quv seminar qatnashchilariga paxta xom-ashyosini qabul qilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va elektron tarozilardan foydalanish, paxtaning iflosligi va namligi uchun O‘zDst 615 davlat standartiga muvofiq qo‘llaniladigan chegirmalar, laboratoriyalardagi zaruriy shart-sharoitlar xususida maʼlumotlar berildi.
Jumladan, laboratoriyada paxta xom-ashyosini sinov jarayonlarida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar hamda sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlar yuzasidan tushunchalar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga 2021 yil paxta hosilini qabul qilishda paxtaning sifati va miqdorini aniqlash, shuningdek nizoli holatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, klasterlar, tayyorlov maskanlari xodimlari hamda “O‘zagroinspeksiya”ning inspektorlariga tavsiyalarni o‘z ichiga olgan metodik qo‘llanmalar tarqatildi.
Maʼlumot o‘rnida: Paxta xom ashyosini qabul qilishda sof va konditsion vaznlardagi farqi noto‘g‘ri belgilanganda yoki asossiz chegirmalar qo‘llanilganda “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasining (67) 225-73-15 raqamli ishonch telefoniga murojaat etishingiz mumkin.
“O‘zagroinspeksiya" Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati