Ру Ўз O`z En

KARMANA TUMANI: SUBSIDIYA AJRATISH TO‘G‘RISIDAGI MUROJAATLAR O‘RGANILMOQDA

8 Noyabr 2022 1497

Respublikada bugungi kunda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiyalar ajratishda tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, mazkur faoliyatni amalga oshirishda mamlakat rahbarining “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yana-da qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlari, shuningdek, Hukumatning 2021 yil 12-iyuldagi "Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi 434-son qarorlardagi normalar huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joylarda mazkur Qarorlarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar va profilaktik tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, soha inspektorlari tomonidan tadbirkorlarning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi murojaatlari ham qaror doirasida joyiga chiqib o‘rganilgan holda, amaliy ko‘maklar berilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyati Karmana tumanida faoliyat yuritib kelayotgan parrandachilikka ixtisoslashgan "Sherdor Zarafshon" MCHJ da bugungi kunda parrandalarning ROSS-308 krossiga mansub 20 ming boshdan ortiq go‘sht yo‘nalishida broyler jo‘jalari parvarish qilinmoqda.

MCHJ rahbari A.Xadiyevning subsidiya ajratish to‘g‘risida yo‘llagan elektron murojaatiga asosan, "O‘zagroinspeksiya" tuman bo‘limi hamda tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat tuman komissiyasi ishtirokida MCHJda o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, hukumatning yuqoridagi 434-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq kelishi hisobga olinib, mazkur parrandachilik xo‘jaligiga subsidiya ajratish haqida ijobiy hulosa berildi.

Shuningdek, tumandagi chorvachilikka ixtisoslashgan “Istiqbol” fermer xo‘jaligida ham subsidiya ajratilishi yuzasidan ishchi guruh tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

Mazkur chorvachilik xo‘jaligida bugungi kunda sut yo‘nalishida 160 bosh naslli golshtin va qora-ola zotli naslli mollar parvarish qilib kelinadi.

Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, mazkur xo‘jalikka ham Vazirlar Mahkamasining 434-sonli qarori Nizomi asosida subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.

Maʼlumot o‘rnida, yuqorida keltirilgan Nizomga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan subsidiya oluvchilarga Respublika byudjetidan quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:

-parrandachilik ho‘jaliklariga - o‘z ho‘jaliklarida yetishtirilib, sotilgan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 2022 yil 1 yanvardan boshlab 2024 yil 1 yanvarga qadar 2 500 so‘m (bunda subsidiya qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtincha ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanadi), 2024 yil 1-yanvardan boshlab 1 000 so‘m;

-chorvachilik ho‘jaliklariga - o‘z ho‘jaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2022 yil 1-yanvardan boshlab 2023 yil 31-dekabrga qadar 4 000 so‘m hamda sutning har bir litri uchun 400 so‘m. Bunda subsidiya qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtincha ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanishi ko‘rsatilgan.

O‘rganishlar davomida tadbirkor va fermer xo‘jalik rahbarlariga Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan qaror mazmun-mohiyati keng tushuntirilib, og‘zaki va yozma ko‘rsatmalar berildi. 

Z.Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati bosh inspektori

 

Text to speech