O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 iyundagi 03/1-1660-sonli topshirig‘iga asosan, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida, joriy yilda g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarda muhim turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekilishi ustidan nazorat qilib borish vazifasi “O‘zagroinspeksiya”ga yuklatilgan.
Ushbu topshiriqdan kelib chiqib, “O‘zagroinspeksiya”ning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi hamda inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar boshqarmalari inspektorlari tomonidan joriy yilda takroriy ekin sifatida ekilayotgan jami 72,3 ming gektar, shundan 40,3 ming gektar sabzi, 9,0 ming gektar piyoz va 22,9 ming gektar kartoshka ekinlarining belgilangan maydonlarda to‘liq ekilishi nazorat qilib borilmoqda.
Respublika bo‘yicha 40,3 ming gektar sabzi ekilishi rejalashtirilib, ushbu maydonlar uchun 210 tonna urug‘lik talab etiladi. Bugungi kunda rejalashtirilgan maydonlarning 18,4 ming gektari yoki 46 foizida ekish ishlari amalga oshirilgan.
Xuddi shunday, 275 gektar ko‘k piyoz va 8,7 min gektar piyoz avgust-sentyabr oylarida ekish uchun rejalashtirilgan bo‘lib, bunga 154 tonna urug‘ talab etiladi. Respublikada piyoz ekish ishlari 3 gektarga yoki 1 foiz bajarilgan.
2021 yil hosili uchun g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan 22,9 ming gektar maydonlarda kartoshka ekish rejalashtirilib, ushbu maydonlarda 73,4 ming tonna urug‘lik talab etiladi. Kartoshka ekish ishlari bugungi kun holatida 3,6 ming gektar yoki 16 foizga bajarilgan xolos.
Mazkur topshiriqda belgilab berilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini reja asosida to‘liq ekilish va unga sarflanadigan urug‘liklarni o‘z vaqtida yetkazib berilishi ustidan “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar boshqarmalari inspektorlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari olib boriladi, ekish ishlari muddatida ekilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan qishloq xo‘jaligi mutasaddi rahbarlariga va fermer xo‘jaliklar hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlariga nisbatan inspeksiyaning vakolati doirasida qonuniy choralar ko‘rilishi taʼminlab boriladi.
Zafar Ismatov, “O‘zagroinspeksiya” katta inspektori