Ру Ўз O`z En

Kattaqoʼrgʼonda ming gektar maydonga qulupnay ekilmoqda

7 Sentyabr 2020 2713

Samarqandda “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida tuproq va iqlim sharoiti hisobga olingan holda qishloq xoʼjaligi va oziq ovqat mahsulotlari yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Kattaqoʼrgʼon tumanida azaldan poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirish ancha rivojlangan. Yaqindan boshlab Kattaqoʼrgʼonliklar qulupnay yetishtirishning ancha hadisini olishdi.

Tuman hokimligi qulupnay yetishtirishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, asosan, “Аndijon usuli” da plyonka ostida qulupnay yetishtirib, yilning toʼrt faslida ham bozorlar rastalari va dasturxonlarimizni sarhil mahsulotlar bilan taʼminlash yuzasidan tashabbus bilan chiqishdi.

Joriy yilda tuman fermerlari, tadbirkorlar va aholi vakillari bilan kelishgan holda jami ming gektar maydonga Polьshadan keltirilgan qulupnay navlarini ekish rejalashtirilgan.

Qulupnay maydonlari toʼliq tomchilatib sugʼorish asosida parvarishlanadi. Loyiha toʼla quvvat bilan ishga tushirilganda yiliga 30 ming tonna eksportbop qulupnay yetishtirish koʼzda tutilgan. Mahsulotning 10 ming tonnasini eksportga, qolgan 20 ming tonna qulupnay ichki bozorga chiqarib sotish rejalashtirilgan. Birgina ichki bozorga yetkazib berilgan mahsulot evaziga 20 milliard soʼm sof foyda olish moʼljallanmoqda.

Oʼtgan yili Kattaqoʼrgʼon tumanidagi Roʼzimurod Mavlonov fermer xoʼjaligi tomonidan Polьshadan eskportbop qulupnay urugʼi keltirilib, 18 gektar yer maydonida ekib mahalliylashtirildi. Qulupnay toʼliq plyonka ostiga ekilishi hisobga olinib, ayni vaqtda tegishli zaxira shakllantirilgan. Hozirgi kunda Roʼzimurod Mavlonov fermer xoʼjaligi tomonidan tumandagi fermer xoʼjaliklari, tadbirkorlik subʼektlari va aholi uchun sifati kafolatlangan qulupnay urugʼi yetkazib berish yoʼlga qoʼyilgan. Shu kunga qadar xorij tajribasi asosida 1 gektar yerga 40 ming dona qulupnay koʼchatlari ekildi.

Shuningdek ushbu tumanda qulupnay koʼchatlarini zamonaviy seyalkalarda ekish yoʼlga qoʼyilgan. Mahalliy ratsionalizatorlar Turkiyadan keltirilgan zamonaviy seyalkalarga qoʼshimcha uskunalar oʼrnatilib, qulupnay koʼchatlari ekish uchun moslashtirildi. Ushbu seyalkalar bilan bir kunda 10 gektar yer maydonda qulupnay koʼchatlari ekilmoqda.

Mazkur tadbirda ishtirok etayotgan qishloq xoʼjaligi texnikalarining unumli ishlashi, yonilgʼi moylash materiallarining muntazam tarzda keltirilishi, dalada ishlayotgan ishchilar uchun zaruriy sharoitlar yaratilganligi tuman inspektsiyasi inspektorlari tomonidan doimiy oʼrganib, amaliy yordam berib kelinmoqda,- deydi Inspektsiyaning Kattaqoʼrgʼon tumani boʼlimi boshligʼi Nurali Namazov.

Izlagan imkon topadi, shunday ekan Kattaqoʼrgʼonlik dehqonlarning ushbu tashabbusi hademay butun mamlakat boʼylab qanot yoyib, eksportbop mahsulotlar soni va turi yana bittaga koʼpaysa ajab emas.

А.Xudoyorov, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi

bosh inspektori

Text to speech