Ру Ўз O`z En

Kattaqo‘rg‘onda yangi korxona ish boshladi

19 Avgust 2021 1973

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 733-sonli qaroriga asosan, “Uzbek seeds” milliy brendi ostida urug‘lik yetishtirish, isteʼmolchilarga yetkazish, import va eksport bilan shug‘ullanuvchi zamonaviy korxonalar tashkil etish belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida urug‘lik ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan korxona o‘z faoliyatini boshladi.

Hozirgiga qadar, tuman ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan urug‘lik g‘alla “OqtoshdonAJ ga qarashli “Zirabuloq” hamda “SamarqanddonAJ ga tegishli “Nurobod” urug‘lik sexlari tomonidan keltirilar edi.

Tumanning o‘zida sifatli urug‘lik don yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Kattaming urug‘chilik klasteri” MCHJ tashkil etilgan bo‘lib, uning qoshida zamonaviy, innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan urug‘lik sexi barpo etildi. Korxonada Turkiyadan keltirilgan 350 ming AQSH dollari miqdorida asbob-uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, soatiga 5 tonna sifatli urug‘lik don tayyorlash imkoniyati mavjud.

Eng asosiysi, urug‘lik g‘alla turli nav aralashmalaridan yiroq, ekologik toza. jahon andozalariga mos, zamonaviy texnologiyalarning afzalliklaridan yana biri shundaki, bir vaqtning o‘zida urug‘lik donni tozalash, saralash, dorilash, kolibrovkalash, qoplash singari beshta muhim jarayon amalga oshiriladi. Urug‘lik don besh guruhga bo‘lingan holda, tarkibidagi begona o‘t va navlar ajratib olinadi.

Klaster korxonasi tomonidan urug‘lik don yetishtirishga ilmiy asosda yondashish, iqlim sharoitiga mos serhosil va ertapishar navlar yaratish yuzasidan loyihalar belgilanmoqda. Ayni kunlarda bu yerda 15 nafar mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

-Kelgusi yil hosili uchun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mavjud 220 ta fermer xo‘jaliklarining 8 ming 926 gektar yer maydoniga ekilishi rejalashtirilgan 2 ming 250 tonna urug‘lik g‘alla to‘liq klaster korxonasi tomonidan yetkazib beriladi.

Zamonaviy urug‘lik sexi tomonidan ishlab chiqarilayotgan urug‘lik g‘allani nav va avlodlar bo‘yicha alohida-alohida joylashtirish, shuningdek, tayyorlangan urug‘lik donni davlat standartlari asosida tagliklarga joylashtirilishi, yopiq sig‘imlar va quruq joylarda saqlanishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Nurali Namozov.

  

Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati

Text to speech