Sifatli urug‘lik tayyorlash zamirida qishloq xo‘jaligi ekinlarining navdorlik sifat ko‘rsatkichlari katta ahamiyatga ega bo‘lib ushbu ko‘rsatgich dala aprobatsiya ko‘rigi orqali aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8-sentyabrdagi 546-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2022 yil g‘alla hosili uchun sifatli, navdorlik ko‘rsatgichlari yuqori va davlat standarti talablariga javob beradigan urug‘lik don yetishtirish maqsadida 3172 nafar urug‘chilik xo‘jaliklarning 90,7 ming gektar suvli maydonlarida urug‘lik g‘alla parvarish qilindi, ushbu maydonlardan jami 277,8 ming tonna shundan, 11,5 ming tonna Superelita, 170,5 ming tonna Elita, 94,9 ming tonna R-I va 831 tonna R-II avlodli urug‘lik don jamg‘arish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida tashkil qilingan aprobatsiya komissiyalari tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarida “Ekinbop urug‘liklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xo‘jalik ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 2593-son. 12.06.2014 yil) talablari asosida dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilishi yakuniga yetkazildi.
Shu bilan birga Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlarining 134 nafar inspektorlari 134 ta tumanlarga biriktirilib, ular tomonidan kelgusi yil g‘alla hosili uchun serhosil, navdorlik sifat ko‘rsatkichlari davlat standart talablariga to‘liq javob beradigan navlardan yetarli miqdorda urug‘lik don jamg‘arish maqsadida urug‘lik maydonlarni dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilishi doimiy nazorat qilib borildi.
Buning natijasida, Respublika bo‘yicha 93,4 ming gektari yoki 103 foiz urug‘lik g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazildi, shundan 2 808 nafar urug‘chilik xo‘jaliklarining 75,6 ming gektar urug‘lik maydonlaridan urug‘lik don olish uchun yaroqli, 999 nafar xo‘jaliklarning 17,8 ming gektar g‘alla maydoni begona nav aralashmalar meʼyoridan ko‘pligi, kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganligi, kam hosilliligi uchun yaroqsiz bo‘lib chiqdi.
Joriy yilda urug‘lik g‘alla maydonlarida o‘tkazilgan aprobatsiya ko‘rigi natijalari tahlil qilinganda 1 206 ta holatda Nizom talablarining qo‘pol ravishda buzilishi yoki unga rioya qilmaslik bo‘yicha kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, 18 ta holatda aprobatsiya ko‘rigi noto‘g‘ri o‘tkazilganligi, 43 ta holatda aprobatsiya dalolatnomalarini noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi, 163 ta holatda aprobatsiya blankalarini noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi va 4 ta holatda nav hujaatlarida kamchiliklar mavjudligi aniqlangan (jadval ilova qilinadi).
Aprobatsiya o‘tkazilishida aprobatsiya blankalarini to‘g‘ri rasmiylashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu holat Samarqand viloyatida 117 ta, Surxondaryoda 15 ta, Toshkentda 13 ta, Navoiyda 6 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 ta, Xorazmda 4 ta holatda noto‘g‘ri rasmiylashtirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqandda 9 ta, Buxoroda 4 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta va Jizzaxda 2 ta holatda aprobatsiya ko‘rigining noto‘g‘ri o‘tkazilganligi aniqlandi.
O‘rganish natijasida aniqlangan holatlarning kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan aprobatsiya komissiyalari va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga 65 ta taqdimnomalar, 546 ta ogohlantirish va 28 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, 4 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilingan hamda 4 ta materiallar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Buning natijasida kelgusi yil hosili uchun 53,8 ming tonna sifatsiz urug‘lik don jamg‘arilishining oldi olindi.
Shoxjahon Jumanov, Inspeksiyasining Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori