Joriy yilda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti va uning hududiy tajriba stansiyalarida jami 266 gektar sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ekilgan bo‘lib, shundan 154 gektarda sabzavot, 71 gektarda poliz va 41 gektarda kartoshka ekinlari kelgusi yil hosili uchun urug‘lik maqsadlarida ekilgan.
Bugungi kunda, ushbu ekilgan maydonlarda urug‘lik uchun ekilgan ekin turlarining standart talablari asosida oraliq masofalariga rioya qilinganligi, belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘tkazilganligi, urug‘lik maydonlarda aprobatsiya ko‘riklarini to‘g‘ri va sifatli o‘tkazilishi hamda keyingi yil hosili uchun jamg‘arilishi rejalashtirilayotgan sabzavot, poliz va kartoshka urug‘liklarini saralash, qadoqlash (kalibrovka) qilish ishlari ham “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Shuningdek, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini maxsus omborxonalarda standart talablari asosida saqlanishi, muvofiqlik va fitosanitar sertifikatlarini o‘z vaqtida olinishi bo‘yicha ham “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan ko‘rsatmalar berilib, amaliy yordam berib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Respublikamiz hududlarida ekilgan kartoshka maydonlaridan 288,8 ming tonna urug‘lik kartoshka jamg‘arish rejalashtirilib, bugungi kunda 1 avgust holatida 32 ming tonna kartoshkalar kelgusi yil hosili uchun urug‘lik sifatida jamg‘arilishiga erishildi. Urug‘lik kartoshka jamg‘arish ishlari davom etmoqda.
Ushbu jamg‘arilgan urug‘liklarni ham standart talablari asosida saqlanishi va kelgusida fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga realizatsiya qilinishi ham qatʼiy nazoratga olingan.
M.Qurbonboyev, Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i
Z.Ismatov, Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori