So‘ngi yillarda paxtachilik sohasiga klaster tizimining joriy qilinishi natijasida qisqa fursatlarda mahsulot yetishtirishda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 28 yanvardagi PQ-106-sonli qarorining qabul qilinishi bilan ushbu sohaga masʼul mutasaddilar oldiga bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash hamda qonunchilik bilan Inspeksiyaga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, klaster korxonalari tomonidan yuqori sifatli urug‘liklarni tozalash-saralash, tuksizlantirish va dorilash ishlarining borishi g‘o‘za navlari kesimida tahlil qilib borildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra joriy yil hosili uchun chigit ekish rejalashtirilgan 1 mln 33 ming gektar maydonga talab etiladigan urug‘lik chigit miqdori 50,2 ming tonnani tashkil qilib, shundan 21,8 ming tonnasi tuksizlantirilgan va 28,4 ming tonnasi tukli urug‘lik chigitlarni tashkil qiladi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan olib borilayotgan tizimli nazorat tadbirlari natijasida bugungi kun holatiga tozalash-saralash ishlari 65,8 ming tonna yoki 102 foizga, tuksizlantirish ishlari 21,6 ming tonna yoki 99 foizga dorilash ishlari 48,8 ming tonna yoki 97 foizga bajarilishiga erishildi.
Bugungi kungacha tayyorlangan urug‘lik chigitning 21,6 ming tonnasi tuksiz, 27,2 ming tonnasi tukli urug‘lik chigitni tashkil qiladi.
Xususan, Respublikamizda 2022 yil hosili uchun bugungi kun holatiga tayyorlangan urug‘lik chigitning 1 ming 775 tonnasi elita, 20 ming 547 tonnasi R-1 avlodga mansub, 24 ming 235 tonnasi R-2 avlodga mansub, 767 tonna R-3 avlodga mansub urug‘lik chigitlarni tashkil qiladi.
Bugungi kunda 50 dan ortiq rayonlashgan, istiqbolli va yangi g‘o‘za navlari urug‘lik chigiti tayyorlangan bo‘lib, shundan 19 ta ertapishar, 4 ta o‘rtapishar, 20 dan ortiq istiqbolli va 10 dan ortiq yangi g‘o‘za navlarining urug‘lik chigiti tayyorlanib, muvofiqlik sertifikati berilishi taʼminlanmoqda.
Joriy yilda asosiy paxta maydonlariga ekib kelinayotgan Buxoro-102 navli urug‘lik chigitdan 6995 tonna, Sulton navidan 8215 tonna, Buxoro-6 navidan 3142 tonna, Buxoro-8 navidan 2623 tonna, Buxoro-10 navidan 1901 tonna, Namangan-77 navidan 2347 tonna,Andijon35 navidan 2773 tonna, Xorazm-127 navidan 3530 tonna, Xorazm-150 1865 tonna urug‘lik chigit tayyorlandi.
Endilikda, tayyorlangan urug‘lik chigitlarga Inspeksiya qoshidagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi tomonidan muvofiqlik sertifikati berilishi davom etmoqda.
N.Ismailov, Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i