Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomlarning qabul qilinishi qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish sohasida muhim hujjat bo‘lib, mazkur nizomlarda belgilangan talablarga amal qilinishi klaster korxonalari tomonidan yuqori sifatli urug‘liklar yetishtirilishini kafolatlaydi.
Respublikamizda 2021 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida 3827 ta subyektlarning 127,2 ming gektar maydonlari tanlovlardan o‘tkazilib, vegetatsiya davri davomida Inspeksiya xodimlari tomonidan monitoring kuzatuv va nazorat tadbirlari olib borildi.
Aprobatsiya ko‘rigi natijasida 298 ta fermer xo‘jaliklarining 8 ming 455 gektar maydoni to‘liq, 1788 ta fermer xo‘jaliklarining 10 ming 382 gektar maydoni qisman turli xil sabablarga ko‘ra urug‘lik uchun yaroqsiz deb topildi.
Shuningdek, 2022 yil hosili uchun yuqori sifatli, davlat andozalari talabidagi navdorlikka ega bo‘lgan urug‘lik paxta xomashyosi yetishtirlishini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilgan 23 ta ertapishar, 5 ta o‘rtapishar, 115 tadan ortiq yangi va istiqbolli g‘o‘za navlaridan 158,1 ming tonna elita va keyingi avlodga mansub urug‘lik paxta xomashyosi jamg‘arildi.
Ushbu urug‘lik paxta xomashyosi Respublikadagi jami 108 ta paxta to‘qimachilik klasterlaridagi 934 ta g‘aramlarda sifatli saqlanishi bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jamg‘arilgan 158,1 ming tonna urug‘lik paxta xomashyosidan kutiladigan urug‘lik chigit miqdori 84 ming tonnani tashkil qilib, g‘o‘za navlari bo‘yicha yetarli miqdordagi urug‘lik zaxirasi yaratildi.
Bugungi kunda inspektorlar tomonidan urug‘lik chigit tayyorlashga ixtisoslashgan 41 ta korxonalarning mavsumga tayyorgarligi va zaruriy vositalar zaxirasining yaratilishi bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Neʼmat Ismailov -Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
Murod Kurbanbayev - Qishloq xo‘jaligi urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i