Qonun hujjatlarida korrupsiya tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilgan: «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir».
Xalq tilida soddagina qilib - poraxo‘rlik, keng maʼnoda korrupsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurashish choralarini bilishimiz lozim bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyat boshqarmasida yurtimizda o‘tkazilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi” doirasida “ZOOM” platformasi orqali “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzuida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i N.Karimov aynan shu yo‘nalishda Inspeksiyada qabul qilingan buyruqlar mazmun-mohiyati, ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yil 18 oktyabrdagi 01-07/6859-sonli xati ijrosini taʼminlash, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari - Foydalanish bo‘yicha xalqaro talablar va tavsiyalar” xalqaro standart talablari va tavsiyalariga muvofiq “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etishning ustuvor vazifalarni bajarilishi yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, boshqarmaning kadrlar masalasi bo‘yicha bosh inspektori A.Tojiboyev boshqarma va tuman bo‘limlariga yangi xodimlarni ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, korrupsiyaning kelib chiqish omillari, boshqarma tarkibiy tarmoq va tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan korrupsiya holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi. Yig‘ilishda barcha xodimlarga manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish shartligi, davlat xizmatchilari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari lozimligi taʼkidlandi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi Axborot xizmati