Samarqand viloyatining 75 ming 356 gektar yer maydonida g‘o‘zadan mo‘l va sifatli hosil yetishtirish agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq.
Quyoshli kunlarning yuqori haroratidan unumli foydalangan holda g‘o‘za qator oralariga ishlov berishning ahamiyati katta. Ayni kunlarda mavjud 1 ming 612 ta kultivatorlar bilan bir kunda o‘rtacha 8 ming gektarga yaqin g‘o‘za maydoni kultivatsiya qilinmoqda. Mavsum boshidan g‘o‘za qator oralariga 4,8 marta, mavjud 417 ta chuqur yumshatgichlar bilan bir kunda 3 ming 646 gektar, mavsum boshidan beri 2,2 marta g‘o‘za qator oralariga ishlov berildi.
Kultivatorlarning hosil elementlariga zarar yetkazmasligini taʼminlash maqsadida ishchi organlarini “baliq sirti” qilib o‘rash yuzasidan Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.
-Kultivatorlar ishchi organlarini “baliq sirti” qilib o‘rash 15-20 foizgacha g‘o‘za hosilini mexanik taʼsir natijasida to‘kilishdan himoya qiladi. Rivojlanishning shonalash, gullash fazasidagi nihollarga ishlov berishda bu usul juda qo‘l keladi. Xususan, Payariq tumanida mavjud 218 ta kultivatorlar bilan bir kunda 1 ming gektardan ziyod yer maydonidagi g‘o‘zaga ishlov berilmoqda, har bir texnika vositasining ish unumdorligi o‘rtacha 5-6 gektarni tashkil etadi. Kultivatorlar ishchi organlari “baliq sirti” qilib o‘ralib, chopiq traktorining old va orqa g‘ildiraklari oldiga maxsus yo‘naltirgichlar (obtekatellar) o‘rnatildi.
Inspeksiyaning tumanlar bo‘limlari inspektorlari tomonidan kultivatorlarning soz holatdagi ishchi organlar bilan to‘liq jihozlanishi hamda g‘o‘za qator oralariga ishlov berish sifati doimiy nazoratga olingan, - deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nurmamat Tursunov.
Shuningdek, g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish muddatlarini kechiktirgan, chopiq agregatlarini talab darajasida jihozlamagan qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari O‘zbekiston respublikasining maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan, huquqiy taʼsir chorasi ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirilmoqda.
Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati