O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 - yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 - yil 24 - fevraldagi PQ-5005-son qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan suv tanqisligi kuzatilayotgan sharoitda joylarda ekinlarni ko‘llatib sug‘orish va suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holatini favqulodda holat sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilib, aniqlangan tartibbuzarlik holatlariga nisbatan qatʼiy taʼsir choralari qo‘llanilmoqda.
Xususan, 2022 - yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekishdan oldin sho‘r yuvish, nam suvi berish va sug‘orishda belgilangan tartibda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 4 026 ta kamchilliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:
Shundan, 383 ta holatda ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish;
242 ta holatda suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish;
1316 ta holatda sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish;
1052 ta holatda ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish;
99 ta holatda meʼyoridan ortiqcha suv olish;
184 ta holatda yerlarni sho‘rini sifatsiz yuvish;
439 ta holatda ruxsat etilmagan joylardan shartnoma tuzmasdan suv olish kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlangan.
O‘z navbatida, aniqlangan tartib buzarlik holatlari yuzasidan “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan vakolati doirasida 491 ta holat bo‘yicha maʼmuriy, 357 ta holatda moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi, 123 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
742 ta holatda joylardagi tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, 2022 - yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekkan isteʼmolchilarni ekinini suv bilan taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni oldini olish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etgan holda ajratilgan suvdan oqilona va iqtisod qilib foydalanish yuzasidan 23 fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari rahbarlariga rasman ogohlantiruv xatlari berildi.
Bugungi kunda, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya” tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.
"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi