Ру Ўз O`z En

Kuzgi g‘alla sug‘orishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan masʼullarga ogohlantirishlar berildi

5 Oktyabr 2021 1690

Do‘stlik tumani agrar soha bo‘yicha Jizzax viloyatining eng ilg‘or hududlaridan biri sanaladi. Har yili g‘alla va paxtadan mo‘l hosil ko‘tarib, peshqadamlar safida yuradigan tuman dehqonlari 2022 - yili hosili uchun jami 13 ming 700 gektar yerga boshoqli don yetishtirishni maqsad qilganlar. Shundan 400 gektari ochiq maydonga, qolgan 13 ming 300 gektari g‘o‘za qator oralariga ekiladi. Belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, yerga urug‘ ekish ishlari bilan bir qatorda g‘alla maydonlarini peshma-pesh sug‘orish ishlari ham olib borilmoqda.

Sug‘orish ishlarini olib borish bo‘yicha joylarda 35 ta ishchi otryadlari shakllantirilgan bo‘lib, amalga oshirilayotgan ekish va sug‘orish tadbirlari “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan nazorat qilib borilmoqda.  

-Kuzgi g‘allani sug‘orish bo‘yicha jami 424 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi,- deydi Inspeksiyaning Do‘stlik tuman inspektori Rustam Anarqulov. - Prezidentning 2021 - yil 24 - fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-5005-sonli qaroriga asosan suvdan oqilona va tejamli foydalanish va suv isteʼmoli tartiblariga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan 376 ta ogohlantirishlar berilib, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 47 ta kamchiliklar aniqlanib,  inspeksiya vakolati doirasida taʼsirchan choralar qo‘llanildi.

Shuningdek, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida masʼullarga yozma ko‘rsatmalar berildi.

Xulosa o‘rnida, kuzgi bug‘doydan yuqori hosil yetishtirish va urug‘ nihollarini to‘liq undirib olish uchun tuproqda namlikning meʼyorida bo‘lishi talab etiladi. Chunki, namlik yetarli bo‘lgan maydonda urug‘ bir tekis unib chiqadi va unib chiqqan ko‘chatlar sovuq tushgunga qadar 3-4 tadan poya hosil qilib, maysalar to‘la to‘plangan holda qishda yaxshi qishlaydi.

Ushbu muhim tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi esa Inspeksiya tomonidan qatʼiy nazorat qilib borilmoqda.

 

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati  

Text to speech