Belgilangan tartibga ko‘ra, "O‘zagroinspeksiya" tomonidan traktorchi-mashinist mutaxassislarini tayyorlovchi o‘quv muassasalari faoliyati yuzasidan nazorat o‘rnatilgan. Ayni kunlarda mavjud o‘quv maskanlarining moddiy-texnik bazasi, taʼlim sifati va samaradorligi muntazam o‘rganib borilmoqda.
Kuni kecha, Chust tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida tashkil etilgan o‘quv seminarida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarining inspektorlari bilan birga kasb-hunar maktablarining shu yo‘nalishdagi o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Tadbirda inspeksiyaning o‘quv yurtlari bilan uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, traktorchi-mashinist yo‘nalishida taʼlim olayotgan o‘quvchilar haqidagi barcha maʼlumotlarni “tm.uzagroteh.uz” yagona platformasiga kiritish, avval o‘qishni tamomlab, guvohnoma olmaganlar bilan ishlash kabi masalalar muhokama qilindi.
taʼkidlanganidek, keyingi yillarda traktorchi-mashinist yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Misol uchun, 2020-2021 yil o‘quv dasturida bu yo‘nalishda o‘quvchilarni tayyorlash uchun 962 soat ajratilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlari 1044 soatni tashkil etadi. Bunda asosiy eʼtibor zamonaviy texnikalarni boshqarishni o‘rgatish, yo‘l harakat xavfsizligi qoidalarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish, olingan nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlashga qaratilgani ahamiyatlidir.
Seminar davomida traktorchi-mashinist guvohnomalari berish jarayonida inson omilini kamaytirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan “tm.uzagroteh.uz” platformasiga maʼlumotlarni kiritish, undan foydalanish jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
"O‘zagroinspeksiya" Namangan viloyat boshqarmasi Axborot xizmati