O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev hududlarning ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishini borishini o‘rganish bo‘yicha tashriflari davomida mamlakatimiz bog‘bonlari oldiga o‘ta muhim masalalarni qo‘ymoqda.
Jumladan, aholi bandligini ta’minlash maqsadida Farg‘ona, Xorazm, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida uzumchilikni, Surxondaryo viloyatida sitrus mevali issiqxonalar va anorchilikni, Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida intensiv bog‘ va tokzorlar hamda Qashqadaryo viloyatida yong‘oqzorlarni tomchilatib sug‘orish usulida tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha aniq manzilli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Respublikamizdagi eskirib yaroqsiz holga kelgan iqtisodiy samarasiz 17,8 ming gektar bog‘lar va 4 ming gektar tokzorlar mavjudligi aniqlanib, ularning o‘rniga yangi intensiv bog‘lar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu topshiriqlarni ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 2021 yida ekish uchun respublikadagi ilmiy - tadqiqot institutlari va ixtisoslashgan ko‘chatchilik xo‘jaliklari tomonidan import o‘rnini bosadigan 20 mln 14 ming dona ko‘chatlar tayyorlandi. Ushbu ko‘chatlarning 6 mln 671 ming donasi urug‘ mevalilar ko‘chati, 4 mln 425 ming donasi danak mevalilar ko‘chati, 3 mln 126 ming donasi yong‘oq mevalilar ko‘chati va 144 ming donasi sitrus mevali ko‘chatlarni tashkil etadi.
Keyingi yillarda bir qator viloyatlarda ko‘chatchilik sohasida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Joriy yilning o‘zida Samarqand viloyatida 5 mln 921 ming dona, Toshkent viloyatida 3 mln 547 ming dona, Farg‘ona viloyatida 3 mln 79 ming dona va Andijon viloyatlarida 2 mln 398 ming dona ko‘chatlar yetishtirildi.
Ayniqsa, Respublikamizdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida pakana va yarim pakana ko‘chatlari yetishtirilishini yo‘lga qo‘yilganligi e’tiborga molikdir.
Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limining vakolati doirasida, respublikamizda yangidan intensiv usulda tashkil etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va sitrus mevalar yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxonalarga o‘z vaqtida sifatli ko‘chatlarni yetkazib berilishi inspeksiya inspektorlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
X.Mahmudov, Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish Bo‘lim boshlig‘i