Maʼlumki kuzatilayotgan anomal issiqning g‘o‘zaga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun sug‘orish muhim tadbir hisoblanib hamda suvni ortiqcha bug‘lanishini oldini olish va uni tuproqqa yaxshi singib, bir xil namlanishi uchun g‘o‘zani tunda sharbat usulida sug‘orish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bunda belgilangan meʼyor bo‘yicha gektariga o‘rtacha 900-1000 m3 netto suv sarflab qisqa vaqtda ko‘proq g‘o‘za maydonini sug‘orish hamda namlikni uzoqroq vaqt ushlab turilishi juda muhim hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda qariyb 10 kundan buyon kuzatilayotgan issiq jaziramani g‘o‘zaga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda suvdan samarali foydalanilishini tashkil etish maqsadida g‘o‘zani sutkaning salqin vaqtlari (tungi) sug‘orish bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya” va uning quyi tuzilmalari tomonidan joylarda targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Natijada Respublika miqyosida ko‘plab fermer xo‘jaliklari tomonidan parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarini sug‘orish tunda sharbat usulida tashkil etildi.
Buning natijasida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda parvarish qilinayotgan takroriy ekinlarni sug‘orish uchun ham suv zaxira qilinmoqda.
Lekin shuning bilan birga, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish davrida berilgan tavsiyalarga amal qilmay g‘o‘za maydonlarini kunning eng issiq paytida soat 12:00 va 16:00 oralig‘ida sug‘orib, suvni behuda bug‘lantirib, meʼyoriga nisbatan gektariga 3 baravargacha ko‘p netto suv sarflash holatlari ham uchramoqda.
O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan tushuntirish ishlari o‘tkazildi hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za maydonlarini sharbat usulida tunda sug‘orish tashkil etildi.
Bugungi kunda Inspeksiya tomonidan o‘tkazib kelinayotgan targ‘ibot tadbirlari natijasida fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi oshmoqda.
Bundan buyon ham joylarda suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanish uchun Inspeksiya tomonidan fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rib borilishi taʼminlanadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi