Ру Ўз O`z En

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ish yuzasidan qaror chiqarish tartibi bilan tanishmisiz?

12 Yanvar 2021 3041

"Oʼzagroinspektsiya" faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan Inspektsiya Oʼzbekiston Respublikasining agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish vazifalarini amalga oshiradi.

Oʼzbekiston Respublikasining MJtKning 245,7-prim moddasida Аgroinspektsiyaga taalluqli maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlar hamda Inspektsiya nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqish va maʼmuriy jazolarni qoʼllashga Inspektsiya boshligʼi va uning oʼrinbosarlari, Inspektsiya hududiy boshqarmalarining hamda Inspektsiya tumanlar (Quvasoy shahar) boʼlimlarining boshliqlari va boshliq oʼrinbosarlari haqliligi belgilab berilgan.

Shuningdek, MJtKning 309-moddasida Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlar boʼyicha qarorlar qaysi talablariga muvofiq tuzilishi belgilangan.

Qarorning kirish qismida maʼmuriy ishni koʼradigan Inspektsiya organining nomi, ish koʼriladigan sana, mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish koʼrilayotgan shaxs haqidagi maʼlumotlar batafsil koʼrsatiladi.

Qarorning tavsif qismida qanday huquqbuzarlik sodir etilganligi, huquqbuzarlik sodir etilgan vaqti, joyi, yetkazilgan zarar miqdori, javobgarlikka tortilayotgan shaxsning aybdorligi yoki aybsizligi haqidagi dalillar, maʼmuriy javobgarlik koʼzda tutilgan meʼyoriy hujjatlar koʼrsatiladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlar yuzasidan chiqariladigan qarorning qaror qismida maʼmuriy jazo turi koʼrsatilishi shart.

Аgar maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash haqidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda aybdor tomonidan mulkiy zararni qoplash haqidagi masala ham hal qilinayotgan boʼlsa, u holda qarorda undirilishi lozim boʼlgan zarar miqdori, uni qoplash muddati va tartibi belgilanadi.

Qarorda olib qoʼyilgan ashyolar va hujjatlar, shuningdek ushlab turilgan transport vositalari toʼgʼrisidagi masala ham hal etilgan boʼlishi lozim.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiqish vaqtida mansabdor shaxs MJtKning 310-moddasida nazarda tutilgan qarorlardan birini qabul qiladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror MJtKning 311-moddasi talabi asosida darhol eʼlon qilinadi. Qarorning imzolangan va muhrlangan shaklidagi nusxasi uzogʼi bilan uch kun ichida maʼmuriy chora koʼrilgan shaxsga tilxat orqali topshiriladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqish bayonnomasi ishni koʼrib chiqqan mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi. Qayd qilingan qonun talabining buzilishi, ish yuzasidan chiqarilgan qarorlarni bekor qilish uchun asos boʼladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiquvchi mansabdor shaxs MJtKning 313-moddasi talabi asosida huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlaganda, bu sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʼrish toʼgʼrisida tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga yoki huquqbuzarning turar joyiga chora va jamoat taʼsirini koʼrsatish uchun taqdimnoma kiritadi.

 

"Oʼzagroinspektsiya" Maʼmuriy amaliyot boʼlimi

Text to speech