Qishloq xo‘jaligi sohasida yildan yilga suv tanqisligi kuzatilmoqda. Ayniqsa, obi-hayotning ekin maydoniga qadar yetib borishida suvning sarfi, uning oqish tezligi juda muhim. Suvning hisobini yuritishda esa oqim tezligini o‘lchovchi uskunalarning roli katta. Bu uskuna yordamida suvning oqish tezligini 1-3 foizgacha ruxsat etilgan xatolikda aniqlash mumkin. Faqat o‘lchov vositalari soz holatda ishlatilishi va har 12 oyda metrologik tekshiruvdan o‘tkazib turilishi lozim. Shuningdek, nazorat-o‘lchash ishlari amalga oshiriladigan gidropostlar ham maxsus malakaga ega xodimlar tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi irrigatsiya tizimi boshqarmalarida aynan shu masala bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganishlarga ko‘ra, bugungi kunda irrigatsiya tizimi boshqarmalarida jami 204 ta gidropostlar hamda 16 ta suv oqimi tezligini o‘lchovchi uskunalar mavjud. Shundan 2 ta holatda suv oqimi tezligini o‘lchovchi uskunalar belgilangan muddatda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmasdan foydalanib kelinayotgani maʼlum bo‘ldi.
Yakunda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi irrigatsiya tizimi boshqarmalariga 1 ta taqdimnoma va 2 ta yozma ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Zomin va Tuyatortar irrigatsiya tizimi boshqarmalarining masʼul shaxslariga nisbatan umumiy qiymati 300 ming so‘mlik maʼmuriy choralar qo‘llanildi.
Umuman olganda, joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan jami 22 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 5 tasi tekshirish hamda 17 tasi monitoring tarzida amalga oshirilgan. Tadbirlar davomida aniqlangan 21 ta qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 13 ta mutassadi tashkilotga yozma ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, 6 nafar masʼul shaxsga nisbatan MJTKning tegishli moddalari bo‘yicha maʼmuriy jazo choralari qo‘llanilgan.
D.Ziyatov, “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi bosh inspektori