Ру Ўз O`z En

Mingdan ortiq shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rildi

19 Iyul 2021 1927

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida Inspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan sohaga oid qonunlar ijrosini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, boshqarma va tuman bo‘limlari tomonidan 1 651 ta o‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasiga ko‘ra, 1902 ta  huquqbuzarliklar aniqlanib, qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkon yaratib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 230 ta taqdimnoma, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik xususida 3 ming 856 nafar shaxslarga rasman ogohlantirishlar berildi.

Bundan tashqari, tegishli tashkilotlarga 502 ta yozma 1357 ta amaliy ko‘rsatmalar kiritilgan bo‘lsa, inspeksiya tomonidan  1068 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rilib, 84 ta maʼmuriy sudlarga, 18 ta prokuratura organlariga taalluqliligi bo‘yicha materiallar yuborildi.

Qo‘llanilgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar natijasiga ko‘ra, 223 million 766 ming so‘m maʼmuriy jarimalar belgilanib, ulardan undiruv muddati kelgan 139 million 964 ming so‘m mablag‘lar undirildi.  

Misol uchun, Inspeksiyaning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limiga Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “NAM AGRO-FOODS” MCHJ rahbari ariza bilan murojaat qilib, unda 2020 yil mart oyida tumandagi 23 ta fermer xo‘jaliklarga urug‘lik kartoshkani yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolanganligini, shu asosida urug‘lik kartoshka yetkazib berilganligini, biroq xo‘jaliklar tomonidan urug‘lik kartoshka pullari to‘lab berilmayotganligini maʼlum qilib, amaliy yordam berishni so‘ragan.

Inspeksiyaning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan murojaat o‘rganib chiqilib, qonuniy baho berish maqsadida, Yangiqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza kiritilgan.

Yana bir misol: Namangan tumanidagi urug‘lik g‘alla maydonlarining holati o‘rganilganda tuman ishchi guruhi tomonidan urug‘lik maydonlarida o‘tkazilgan aprobatsiya tadbirlari lozim darajada o‘tkazilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, Namangan tumanida 2021 yil hosili uchun, tender tanlovidan o‘tgan urug‘lik g‘alla yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan 41 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 830,5 gektar maydonda urug‘lik g‘alla yetishtirib, davlatga 3120 tonna sifatli original, super elita va elita avlodli urug‘lik don yetkazib berish rejasi belgilangan.

Joriy yilning 17 may kunida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tumanda aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha tuman ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan bo‘lsada, Nizom talablaridan kelib chiqib, aniq vazifalar belgilab berilmagan.

Natijada, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 12 iyunda ro‘yxatdan o‘tgan “Ekinbop urug‘liklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xo‘jalik ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom talablariga rioya qilinishi yuzasidan sifatli o‘rganishlar o‘tkazilmay, bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, Inspeksiya Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda, tumandagi Sohibkor MMTP hududidagi “Zohid” fermer xo‘jaligining 11 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarini begona o‘t va begona nav aralashmasidan tozalash uchun berilgan muddatda, begona o‘t va boshqa navlardan tozalanmagan hamda holat yuzasidan tuman aprobatsiya komissiyasi tomonidan hech qanday snoplar olinmagan, dalolatnoma rasmiylashtirilmagan va aprobatsiya ko‘rigi yakuniga yetkazilmasdan yaroqli yoki yaroqsiz qilish bo‘yicha hech qanday dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bizning asosiy maqsadimiz, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarda qonuniylikka, belgilangan meʼyor va tartiblarga qatʼiy amal qilinishini nazorat qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatishdan iboratdir.

Muzaffar Nabiyev, “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasining Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi bosh inspektori

Text to speech