Mamlakatimiz aholisi sonining o‘sishi natijasida don mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu talabni qondirish va boshoqli don ekinlarida yuqori hosildorlikka erishish uchun sifatli urug‘lik don yetishtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, kelgusi yil hosili uchun boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun sifatli, sara urug‘lik don yetkazib berish maqsadida 2022 yil hosilidan urug‘lik don yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan xo‘jaliklar tomonidan urug‘lik g‘alla yetishtirish ishlari Inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.
Xususan, kelgusi yil hosilidan respublika bo‘yicha 126 ta tumanda tanlovlardan o‘tgan 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari, klasterlar, ilmiy tadqiqot institutlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga qarashli elita urug‘chilik xo‘jaliklarining jami 91,5 ming gektar maydonlarida boshoqli don ekinlarning 53 ta navidan 279,7 ming tonna sifatli sara urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan.
Ushbu maydonlarning 6,2 ming gektarini ko‘paytirish ko‘chatzori (superelita 19,4 ming tonna urug‘lik don kutiladi), 62,6 ming gektarini superelita (elita 191,1 ming tonna), 21,2 ming gektarini elita (R-I 66,8 ming tonna) va 13,9 gektarini birinchi (R-II 2,3 tonna) avlodli urug‘lik maydonlar tashkil etadi.
Urug‘lik g‘alla maydonlariga boshoqli don ekinlaring 53 ta seleksion navlari ekilgan bo‘lib, shundan 39 ming gektarda mahalliy 34 ta navlar hamda 52,4 ming gektarda xorijiy 19 ta navlar tashkil etib, asosiy maydonlarga Asr, Alekseyeich, Bobur, Grom, Davr, Vassa, G‘ozg‘on, Antonina, Bunyodkor, Bezostaya-100, Durdona, Vexa navlari ekilgan.
Urug‘lik maydonlaridan sifatli urug‘lik don yetishtirilishini taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlarining qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirish va taʼminotini nazorat qilish inspektorlari tomonidan urug‘lik maydonlaridagi g‘allaning xar-bir rivojlanish fazalarida belgilangan agrotexnik tadbirlarni muddatlarida va sifatli bajarilishini nazorat qilish maqsadida har 15 kunda monitoring kuzatuv ishlari olib borilmoqda.
Monitoring natijalari o‘rganilganda asosiy urug‘lik maydonlaridagi g‘alla tuplash fazasida rivojlanayotganligi kuzatilgan.
Hozirgi kunda g‘allani rivojlanishini tezlashtirish va kasalliklarga chidamliligini oshirish maqsadida azotli o‘g‘itlar va biostimulyatorlar yordamida o‘simlikning bargidan suspenziya usulida oziqlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Inspeksiyaning Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi