Ру Ўз O`z En

Namangan: g‘o‘za navdorligini aniqlash yuzasidan dala aprobatsiyasi tadbirlari o‘tkazilmoqda

7 Avgust 2024 1011

Joriy yilda Namangan viloyatida jami 61 ming gektardan ziyod  maydonda g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib chiqqan 224 nafar fermer xo‘jaligining 5 ming 884 gektar maydonida urug‘lik paxta yetishtirilmoqda.

Mazkur urug‘lik yer maydonlaridan iqlim sharoitiga mos, serhosil “Andijon-35”, “S-6524”, “S-8295”, “Namangan-34”, “Namangan-77”, “Buxoro-102”,   hamda Xitoydan olib kelingan “Xin Lu Zao-78” g‘o‘za navlarining yuqori avlodli urug‘liklarini olish rejalashtirilgan.

Hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilish, supper elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi navlarni yaratish, bu borada olimlar bilan ilmiy hamkorlikni yana-da kuchaytirish borasida viloyatda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyatda tashkil etilgan mintaqaviy seminarda dala sharoitida g‘o‘za navdorligini aniqlash bo‘yicha aprobatsiya o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratishda g‘o‘za aprobatsiyasining maqsad va vazifalari, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash, hosilini terib olish tartibi va yaroqsiz deb topilgan maydonlardan urug‘lik paxta terishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Tadbirda inspeksiya mutaxassislari tomonidan Hukumatning 641-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida urug‘lik paxta maydonlarida birinchi hosilni terib bo‘lmagunga qadar defoliatsiya ishlarini o‘tkazmaslik belgilangani taʼkidlandi.

Ayni kunlarda viloyatdagi urug‘chilik xo‘jaliklarida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi viloyat boshqarmasi, o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat boshqarmasi hamda “O‘zagroinspeksiya” va uning qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini baholash markazi” davlat muassasasi viloyat filiali mutaxassislari ishtirokida maxsus guruh tuzilib, aprobatsiya ishlari olib borilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish bilan birga zarur tavsiyalar berilmoqda.

N. Isomitdinov, “O‘zagroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi shoʻba boshlig‘i

 

Text to speech