Dunyo bo‘ylab suv taqchilligi kuzatilayotgan bir vaqtda mamlakatimizda ham suv resurslariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. 2000 yilgacha kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda. Shu boisdan qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish maqsadida hukumat tomonidan qator qarorlar qabul qilinib, ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.
Bu boradagi ishlarni Namangan viloyati misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021 yilda jami 20251 gektar qishloq xo‘jaligi ekinlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.
Shundan, 20 ming gektarda (16 ming gektar paxta, 4 ming gektar mevali bog‘, tok va boshqa ekinlar) tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tadbiq etish belgilangan bo‘lsa, 228 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish, 23 gektar maydonlarda diskret usulida sug‘orish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etuvchi 6 ta klaster va 425 ta fermer xo‘jaliklari bilan quruvchi pudrat tashkilotlari o‘rtasida texnologiyani qurish bo‘yicha 19683 gektar maydon uchun 431 dona shartnomalar (97 foiz) rasmiylashtirildi.
Shundan, 6 ta klaster va 396 ta fermer xo‘jaliklarida 19000 gektarda tomchilatib (95 foiz), 28 ta fermer xo‘jaliklarida 660 gektarda yomg‘irlatib (289 foiz), 2 ta fermer xo‘jaliklarida 23 gektarda diskret (100 foiz) bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Joriy yilning 15 mart holatiga banklar tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etuvchi 2 ta klaster korxonasiga 3 ming gektar maydonga 60.0 mlrd.so‘m va 55 ta fermer xo‘jaliklariga 2 ming 207 gektar maydonga 38.66 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. 2 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 300 gektar maydonga 1.34 mlrd so‘m o‘z mablag‘lari hisobidan qurilish ishlari uchun mablag‘lar ajratilgan.
Viloyat bo‘yicha 201 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 6962 gektar maydonda tizimni qurilish ishlari boshlangan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan bu jarayon qatʼiy nazoratga olingan. Viloyatda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jami 39 ta holatda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashuvchi viloyat va tuman ishchi guruhlarining masʼuliyatini oshirish bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlariga 11 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.
Shuningdek, inspeksiyaning tuman bo‘limlari tomonidan 8 ta holatda suv xo‘jaligi tashkilotlariga ko‘rsatmalar kiritilgan.
Bundan tashqari, huquqbuzarliklarni erta oldini olish maqsadida 28 ta suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etuvchi talabgorlar hamda pudratchi tashkilot rahbarlariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Shavkat Bozorov, “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi bosh inspektori